
GAC kompaniyasining Aion brendi Aion N60 elektromobilini Xitoyda taqdim etdi. Model LiDAR tizimi va zamonaviy funksiyalar bilan jihozlangan, deb xabar berdi CarNewsChina.
Yangi avtomobil shahar uchun mo‘ljallangan krossover bo‘lib, tashqi ko‘rinishi minivenlarga o‘xshaydi. U avvalgi Aion Y Plus modelining davomchisi sifatida qaralmoqda. Shunga qaramay, ikkala model bir muddat parallel sotuvda qoladi.

Aion N60 uzunligi 4 615 mm, g‘ildirak bazasi 2 775 mmni tashkil etadi. Dizaynda yashirin eshik tutqichlari, yagona orqa chiroq liniyasi va LED kunduzgi chiroqlar qo‘llangan. Model LiDAR va millimetr to‘lqinli radar bilan jihozlangan. Bu esa avtomobilga shahar va magistrallarda yarim avtonom boshqaruv imkonini beradi.
Salon minimalistik uslubda bajarilgan. Old panelda 15,6 dyuymli katta ekran mavjud. Old o‘rindiqlar isitish, shamollatish va massaj funksiyalariga ega. Shuningdek, «nol gravitatsiya» o‘rindig‘i ham taklif etiladi. Avtomobilda simsiz quvvatlash, iqlim nazorati va qo‘shimcha sifatida muzlatkich kabi funksiyalar mavjud.

Model old o‘qda joylashgan 165 kW quvvatli elektromotor bilan jihozlangan. U 100 km/soat tezlikka 7,9–8,5 soniyada chiqadi. Avtomobil uch xil batareya varianti bilan taklif etiladi. Bir zaryadda 410 km, 510 km yoki 610 km masofani bosib o‘ta oladi. GAC Aion N60 narxi 109,8 ming yuandan boshlanadi. Bu taxminan $16 mingga teng. Eng yuqori versiya $19 minggacha yetadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri GAC yangi avtomobilini namoyish etgani haqida yozgan edi.