Eron 2026-yilgi jahon chempionatida ishtirok etadi — Infantino

1-may 2026 10:40 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: FIFA

FIFA prezidenti Janni Infantino Vankuverdagi kongressda Eron terma jamoasining 2026-yilgi jahon chempionatidagi ishtirokini rasman tasdiqladi. Eron terma jamoasi AQSh hududida rejalashtirilgan barcha uchrashuvlarini o‘tkazadi.

«Eron 2026-yilgi jahon chempionatida qatnashadi va albatta, AQShda o‘ynaydi. Biz odamlarni birlashtirishimiz kerak. Dunyoda bo‘linishga urinayotganlar talaygina, biz esa bu imkoniyatdan foydalanib, birlikni ta’minlashimiz lozim», – dedi FIFA rahbari.

Eron terma jamoasi guruh bosqichidagi o‘yinlarini Los-Anjeles va Sietl shaharlarida Yangi Zelandiya, Belgiya va Misrga qarshi o‘tkazadi.

Kongress doirasida FIFAning 2023 – 2026-yillar uchun kutilayotgan daromadi $14 mlrdga yetgani ma’lum qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan siklga nisbatan 20 foizga ko‘pdir. Chiptalar uchun 500 mlnta so‘rov kelib tushgan bo‘lib, mavjud chiptalarning 90 foizi allaqachon sotilgan.

Foto: FIFA

Eron delegatsiyasining bir a’zosi Kanadaga kirish huquqidan mahrum etilgani sababli, federatsiya vakillari Vankuverdagi kongressda to‘liq tarkibda qatnashmadi. Eron futbol federatsiyasi (IFF) prezidenti Mehdi Taj Torontodagi aeroportda ruxsatnomasi bekor qilingani sababli ortga qaytarilgan.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio o‘tgan haftada Eron futbolchilari mamlakatga qabul qilinishini, biroq federatsiyaning ba’zi a’zolari Islom Inqilobi Posbonlari Korpusi (IRGC) bilan aloqalari sababli qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligini bildirgan edi. Ma’lumot o‘rnida, Mehdi Taj ushbu tuzilmaning sobiq qo‘mondoni hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron Jahon chempionatida ishtirok etmasligi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek