Yevropa ligasi: «Nottingem Forest» va «Braga» yarim finalning ilk bahsida zafar quchdi

1-may 2026 11:22 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: The Independent

UEFA Yevropa ligasi yarim finalining ilk uchrashuvlarida «Nottingem Forest» o‘z maydonida «Aston Villa»ni, «Braga» esa «Frayburg»ni mag‘lub etdi. Mazkur g‘alabalar jamoalarga final yo‘llanmasi uchun kichik ustunlik taqdim qiladi.

Foto: UEFA

Angliya klublari o‘rtasidagi bahsda «Nottingem Forest» 1:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvning 71-daqiqasida Lukas Dinning qoida buzishidan so‘ng belgilangan penaltini Kris Vud aniq amalga oshirib, jamoasiga g‘alaba keltirdi.

O‘yin davomida har ikki jamoa darvozabonlari bir necha bor xavfli vaziyatlarni bartaraf etdi. Ushbu natija «Aston Villa»ning Yevropa ligasidagi ketma-ket to‘qqizta g‘alabali seriyasiga barham berdi.

«Ular juda qiyin raqib, lekin biz munosib raqobatlasha oldik», – dedi «Nottingem Forest» bosh murabbiyi Vitor Pereyra.

Foto: UEFA

Ikkinchi uchrashuvda Portugaliyaning «Braga» klubi Germaniyaning «Frayburg» jamoasi ustidan 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishdi. Dastlab 8-daqiqada Demir Ege Tiknaz mezbonlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 16-daqiqada Vinchenso Grifo muvozanatni tikladi. O‘yinning 92-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Mario Dorgeles hal qiluvchi golni kiritdi.

Foto: UEFA

Birinchi bo‘lim oxirida «Frayburg» darvozaboni Noa Atubolu Rodrigo Salazar tepgan penaltini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Qayd etish kerakki, mazkur o‘yin «Braga» uchun Yevropa ligasining asosiy bosqichidagi 100-uchrashuv sifatida tarixga kirdi.

Yarim finalning javob uchrashuvlari 7-may kuni Birmingem va Frayburg shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Ikki juftlik g‘olibi Istanbul shahrida o‘tkaziladigan hal qiluvchi final o‘yinida to‘qnash keladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Braga» Ispaniyada irodali g‘alabaga erishgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek