
BMW X5 G65’ning yangi avlodi 2026-yil avgust oyida ishlab chiqarishga qo‘yiladi. Bu haqda Autohome nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, yangi X5 Neue Klasse dizayn uslubida ishlab chiqiladi va o‘lchamlari biroz kattalashadi. Standart versiya taxminan 5 metrga yaqin uzunlikka ega bo‘ladi. Model uchun bir nechta kuzov ranglari — oq, qora, kulrang, yashil va ko‘k tuslar taklif etiladi.
Eng muhim yangiliklardan biri dvigatel variantlarining kengaytirilganidir. Yangi X5 uchun jami besh xil kuch tizimi tayyorlanmoqda: benzinli, dizelli, plug-in gibrid, to‘liq elektr va hatto vodorodli versiya.
Benzinli model 3,0 litrli dvigatel va yumshoq gibrid tizim bilan jihozlanadi. Gibrid versiyalarda esa elektr va benzin dvigatellari kombinatsiyasi orqali yuqori quvvat ta’minlanadi. Masalan, X5 50e va yanada kuchli X5 M60e variantlari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, avtomobil yangi CLAR platformasi asosida yig‘iladi. Uzun bazali versiya esa Xitoyda ishlab chiqarilib, 2027-yilda sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan dunyodagi eng qimmat avtomobil brendlari e’lon qilingani haqida yozgandi.
