
«Real Madrid» klubi futbolchilari Federiko Valverde va Orelen Chuameni o‘rtasida yuzaga kelgan mushtlashuv ortidan Valverde shifoxonaga yotqizildi, deb xabar bermoqda Sky Sports.
«Real Madrid futbol klubi ertalabki mashg‘ulot paytida Federiko Valverde hamda Orelen Chuameni o‘rtasida ro‘y bergan vaziyat yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlanganini ma’lum qiladi», — deyiladi klub bayonotida.
Klub rahbariyati va futbolchilar o‘rtasida inqirozli vaziyatni muhokama qilish maqsadida favqulodda yig‘ilish o‘tkazilgan. Xabarlarga ko‘ra, 6-may kungi mashg‘ulot oxirida yuzaga kelgan kelishmovchilik bir kun o‘tib jismoniy to‘qnashuvga aylanib ketgan. «Real Madrid» har ikki futbolchiga nisbatan intizomiy ish ochgan.

Klub bayonotida Valverdeda miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgani, ammo u shifoxonadan chiqarilib, ikki haftagacha maydonga tusha olmasligi aytilgan. Biroq Valverde o‘z bayonotida mushtlashuv bo‘lganini inkor etib, stolga urilib ketgani natijasida peshonasidan yengil jarohat olganini ta’kidlagan.
«Kechagi mashg‘ulotdagi vaziyat tufayli jamoadoshim bilan kelishmovchilik bo‘ldi. Lekin na jamoadoshim meni, na men uni urganman», — dedi Valverde.

U jamoaning sovrinsiz mavsumi va futbolchilarning toliqqani bu kabi kelishmovchiliklarga sabab bo‘layotganini qo‘shimcha qilgan.

Voqea jamoa «Barselona»ga qarshi «El-klasiko» o‘yini oldidan yuz berdi. Hozirda La Ligada «Barselona» «Real»dan 11 ochko oldinda bormoqda va chempionlikni naqd qilish uchun bor-yo‘g‘i bir ochko yetarli.

Klub prezidenti Florentino Peres voqeani o‘rganish bo‘yicha tekshiruv boshlagan. Ayni paytda, klub yulduzi Kilian Mbappeni sotishni talab qilib, 30 mln nafar muxlis imzo chekkani haqida ham xabarlar tarqaldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Real Madrid» o‘z uyida «Alaves»ni mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.