Qulupnayli murabbo qanday tayyorlanadi

12-may 2026 15:58 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Qulupnayli murabbo qanday tayyorlanadi
Foto: depositphotos

Qulupnay mavsumi boshlanishi bilan ko‘pchilik uy bekalari qishga murabbo tayyorlashni boshlaydi. Ammo ko‘pincha murabbo qaynatishda qulupnay ezilib ketishi, rangi qorayishi yoki suyuq chiqishi kabi muammolar uchraydi. Aslida esa bir nechta oddiy qoidalarga amal qilinsa, dona-dona, qip-qizil va quyuq murabbo tayyorlash mumkin. Kursiv Uzbekistan ushbu maqola orqali qulupnayli murabbodan banka yopish usullari bilan bo‘lishadi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olish mumkin:

Qulupnayni qanday tanlash kerak

Shakar miqdori qanday bo‘lishi kerak

Nega murabboga suv qo‘shilmaydi

Murabbo qanday qaynatiladi

Qip-qizil chiqishi uchun nima qilish kerak

Necha marta qaynatish kerak

Ezilib ketmasligi uchun yana bir usul

Bankalarni qanday sterilizatsiya qilish kerak

Tayyor murabboning belgisi qanday bo‘ladi

Murabbo uchun qanday qulupnay tanlash kerak

Murabbo uchun qanday qulupnay tanlash kerak
Foto: depositphotos

Murabbo tayyorlashda maydaroq va qattiqroq qulupnay tanlangani yaxshi. Juda yumshoq yoki ezilgan mevalar qaynatish vaqtida shaklini yo‘qotadi.

Ko‘pchilik uy bekalari Koreya sortidagi qulupnayni tavsiya qiladi. Chunki uning rangi yorqin, mevasi qattiqroq va murabboda yaxshi saqlanadi.

Qulupnaylar avval suvda yaxshilab yuviladi. Loy va changdan tozalangach, barglari olib tashlanadi. Yirik qulupnaylar bo‘lsa, ularni ikki yoki to‘rt bo‘lakka bo‘lish mumkin.

Shakar miqdori qanday bo‘lishi kerak

Foto: depositphotos

Eng ko‘p ishlatiladigan usul bu birga-bir nisbat. Ya’ni:

  • 1 kg qulupnayga 1 kg shakar;
  • 2,5 kg qulupnayga 2,5 kg shakar.

Agar qulupnay juda shirin bo‘lsa, shakarni biroz kamaytirish ham mumkin. Masalan, 1 kg qulupnayga 800 gramm shakar ishlatiladi.

Qulupnay va shakar qatlamlab idishga solinadi. Shundan keyin uni 4-5 soat yoki bir kechaga salqin joyda qoldirish kerak. Shu vaqt ichida qulupnay o‘zidan tabiiy sharbat chiqaradi.

Nega murabboga suv qo‘shilmaydi

Ko‘pchilik murabbo qaynatayotganda suv qo‘shadi. Ammo qulupnay murabbosida bunga ehtiyoj yo‘q. Chunki shakar ta’sirida mevaning o‘zi yetarli miqdorda sharbat chiqaradi.

Suv qo‘shilsa murabbo suyuq chiqadi va qulupnayning tabiiy ta’mi pasayadi.

Murabbo qanday qaynatiladi

Foto: depositphotos

Murabbo faqat past olovda (o‘rtachadan past) qaynatilishi kerak. Kuchli olov qulupnayni ezib yuboradi va ko‘pikni ko‘paytiradi.

Idish olovga qo‘yilgach, murabbo qaynab chiqishi kutiladi. Qaynash jarayonida asta aralashtirib turiladi. Yuzaga chiqqan ko‘piklar qoshiq bilan olib tashlanadi.

Murabbo qaynagach, birinchi bosqichda 5 daqiqa qaynatiladi, keyin olov o‘chirilib, to‘liq sovitiladi.

Muhim jihati shundaki, murabbo soviguncha usti yopilmaydi. Aks holda qulupnay yumshab ketadi.

Qulupnayning rangi qip-qizil chiqishi uchun nima qilish kerak

Murabboning yorqin rangi saqlanishi uchun qaynatish vaqtida limon bo‘lagi (bir tilim) yoki ozroq limon sharbati qo‘shiladi. Ayrimlar yarim choy qoshiq limon kislotasi ham ishlatadi.

Bu usul murabboning qorayib ketishining oldini oladi va ta’miga ham yoqimli nordonlik beradi.

Murabboni necha marta qaynatish kerak

Foto: depositphotos

Eng yaxshi natija uchun murabbo uch bosqichda qaynatiladi.

  • Birinchi qaynatish: 5 daqiqa qaynatilib sovitiladi.
  • Ikkinchi qaynatish: 10 – 15 daqiqa past olovda qaynatiladi va yana sovitiladi.
  • Uchinchi qaynatish: murabbo qaynoq holida bankalarga solinadi.

Aynan shu usul qulupnaylarni dona-dona saqlab qoladi.

Qulupnay ezilib ketmasligi uchun yana bir usul

Ikkinchi usulda sovigan murabbodan qulupnaylar alohida ajratib olinadi. Sirop esa alohida 20 daqiqacha qaynatiladi.

Sirop biroz quyuqlashgach, qulupnay yana ichiga qaytariladi va yana 5 – 10 daqiqa qaynatiladi.

Bu usulda:

  • qulupnay shakli yaxshi saqlanadi;
  • rangi yorqin chiqadi;
  • murabbo marmeladga o‘xshab quyuq bo‘ladi.

Bankalarni qanday sterilizatsiya qilish kerak

Bankalarni qanday sterilizatsiya qilish kerak
Foto: Mezha

Murabbo uzoq saqlanishi uchun bankalarni sterilizatsiya qilish muhim. Ko‘pchilik bankalarni duxovkada sterilizatsiya qiladi. Qopqoqlar esa 1-2 daqiqa qaynatiladi.

Murabbo qaynoq holida bankalarga quyiladi va qopqoqlar mahkam yopiladi. Tayyor murabbolar salqin va qorong‘i joyda saqlanadi.

Tayyor murabboning belgisi qanday bo‘ladi

Tayyor murabboning belgisi qanday bo‘ladi
Foto: depositphotos

To‘g‘ri tayyorlangan qulupnay murabbosida qulupnaylar ezilmaydi, dona-dona bo‘lib turadi, rangi qip-qizil chiqadi va suyuqligi quyuq bo‘ladi.

Sovigach murabbo yanada quyuqlashadi va marmeladsimon holatga keladi.

Qulupnay mavsumida tayyorlangan bunday murabbo qishda choy bilan ham, turli pishiriqlar bilan ham juda yaxshi mos tushadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan uyda tayyorlash uchun konserva retseptlari haqida ma’lumot bergandi.

Shuningdek