
BMW Nurburgring trassasida bir vaqtning o‘zida ikkita muhim sport sedanini sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda Tarantas News nashri xabar berdi.
Gap yangilangan BMW M5 hamda kompaniyaning ilk to‘liq elektr BMW M3 modeli haqida ketmoqda. Har ikki avtomobilning 2027-yilda taqdim etilishi kutilmoqda.
Yangi elektr M3 BMW M bo‘linmasining ichki yonuv dvigatelisiz ishlab chiqarilgan ilk yuqori unumdor modeli bo‘ladi.
Yangilanayotgan M5 esa V8 dvigatelli plagin-gibrid tizimini saqlab qoladi, biroq model jiddiy restaylingdan o‘tadi.
Sinovdagi prototiplarda BMW’ning Neue Klasse dizayn konsepsiyasi elementlari ko‘rinmoqda. Avtomobillarda gorizontal shakldagi radiator panjarasi va yangi avlod ikki qismli optika qo‘llanilgan. M5 old qismida esa yirik havo kirish teshiklari seziladi.
Kompaniya salon dizaynini ham tubdan yangilashni rejalashtirmoqda. Yangi modellarda katta markaziy displey, old oynaning pastki qismidagi proyeksiya tizimi va klassik iDrive boshqaruv tizimidan voz kechilishi kutilmoqda. M5’da yo‘lovchi uchun alohida ekran ham paydo bo‘lishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, elektr M3’dan keyin BMW an’anaviy benzinli, qatorli olti silindrli dvigatelga ega yangi M3 modelini ham chiqaradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi BMW X5 G65 modelini ishlab chiqarish avgust oyidan boshlanishi haqida yozgandi.

