
Ispaniya chempionatining 36-turida «Real Madrid» klubi «Ovyedo» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ammo ushbu uchrashuvdan so‘ng Kilian Mbappening zaxirada qoldirilishi va bu boradagi intervyusi jamoa ichidagi yangi ziddiyatlarni yuzaga chiqardi.
Uchrashuvdagi gollar 44-daqiqada Gonsalo Garsiya va 80-daqiqada Jud Bellingem tomonidan kiritildi. O‘yindan so‘ng Kilian Mbappe asosiy tarkibda maydonga tushmaganidan noroziligini bildirib o‘tdi.

U avvalgi murabbiy Xabi Alonso bilan munosabatlari yaxshi bo‘lganini ta’kidladi.
«Mavsumning birinchi yarmini zo‘r o‘tkazdik, keyin hamma titulni boy berdik».
Shuningdek, u zaxirada qolgani sababini murabbiydan so‘rash kerakligini aytgan.
«Arbeloa menga to‘rtinchi hujumchi ekanimni aytdi. Buyog‘iga o‘ynash uchun yanada kuchli ishlab, Gonsalo, Mastantuono va Vinidan yaxshiroq bo‘lishga intilishim kerak», — deya ta’kidladi.
Muxlislar tomonidan bildirilayotgan e’tirozlarga nisbatan esa Mbappe, jamoaning barcha titullarni boy berganini inobatga olganda, ularni to‘g‘ri tushunish kerakligini qayd etdi. U murabbiyning matbuot anjumanlarini kuzatib bormasligini, chunki uyidagi televizor faqat fransuz kanallarini ko‘rsatishini ham hazil aralash aytib o‘tdi.

Mbappening ushbu bayonotiga «Real Madrid» bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa ham tezkor munosabat bildirdi. U Mbappega to‘rtinchi hujumchi ekanini aytmaganini va jamoada to‘rtta hujumchining o‘zi yo‘qligini ma’lum qildi.
«Toki shu yerda murabbiy ekanman, kim maydonga tushishini men hal qilaman. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, hech kim aralasha olmaydi», — dedi Arbeloa.
Murabbiy to‘rt kun oldin qaydnomada bo‘lmagan futbolchi bugun asosiy tarkibda o‘ynay olmasligini ta’kidladi. Mbappening jamoada pasayish bo‘lgani haqidagi fikriga javoban esa u futbolchining o‘zida pasayish yuz bergani va u kamroq gol urishni boshlaganini qayd etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Real Madrid» mashg‘ulotlaridagi janjal sabab Valverde shifoxonaga tushgani haqida xabar bergan edi.