
Meta kompaniyasi Ray-Ban Display smart ko‘zoynaklari uchun xabar yozish va yuborish kabi yangi funksiyalar va uchinchi tomon dasturchilari uchun 125-yangilanishini taqdim etdi. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.
Yangilanishdagi eng muhim o‘zgarishlardan biri Neural Handwriting funksiyasining barcha foydalanuvchilar uchun ochilgani bo‘ldi. Avval faqat cheklangan beta sinovida ishlagan ushbu tizim endilikda iOS va Android qurilmalarida Instagram, WhatsApp, Messenger hamda telefon bildirishnomalari bilan ishlaydi. Foydalanuvchilar kontaktlarni qidirish, xabar yuborish va javob qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mazkur funksiyadan foydalanish uchun ko‘zoynak bilan birga taqdim etiladigan Neural Band aksessuari kerak bo‘ladi. Qurilma sEMG texnologiyasi yordamida foydalanuvchi barmoqlarining stol, kaft yoki oyoq kabi yuzalarda harakatlanishini «yozuv» sifatida aniqlaydi va harflarni tanib oladi.
Meta’ning 125-yangilanishi yana bir qator yangi imkoniyatlarni ham olib keldi. Jumladan, display recording funksiyasi qo‘shilib, u ko‘zoynak displeyidagi tasvir, kamera ko‘rinishi va atrofdagi ovozni bitta videofaylga yozib oladi. Xaritalar xizmati kengaytirilib, AQSh bo‘ylab va London, Parij hamda Rim kabi yirik shaharlarda piyoda yo‘nalishlari qo‘llab-quvvatlana boshladi. Shuningdek, uy va ish manzillarini saqlash hamda ovozli navigatsiya imkoniyati ham qo‘shildi.

Bundan tashqari, WhatsApp’da guruhli videoqo‘ng‘iroqlar va qo‘ng‘iroqlar uchun subtitrlar paydo bo‘ldi. Instagram’da Reels va shaxsiy xabarlar navigatsiyasi yaxshilangan bo‘lsa, Facebook uchun tug‘ilgan kunlar va sport natijalariga oid vidjetlar taqdim etildi.
Yangilanishning yana bir muhim jihati — Meta kompaniyasi Ray-Ban Display platformasini rasman uchinchi tomon dasturchilari uchun ochdi. Endilikda ishlab chiquvchilar iOS va Android uchun Device Access Toolkit SDK yordamida mavjud mobil ilovalarga mos interfeyslar qo‘shishi yoki ko‘zoynak uchun alohida ilovalar yaratishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, WebApp formatidagi dasturlarni ham ishlab chiqish imkoniyati mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei AI Glasses sun’iy intellektli ko‘zoynaklari taqdim etilgan edi.