Sport

Neymar JChga boradi. Braziliya tarkibi e’lon qilindi

«Santos» hujumchisi to‘rtinchi bor Jahon chempionatida qatnashadi
Foto: al24news.dz

Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Jahon chempionati uchun 26 kishilik tarkibni e’lon qildi, unga Neymar ham kiritilgan. 34 yoshli futbolchi jarohatlar sababli 2023-yildan beri milliy terma jamoada o‘ynamagan edi.

Neymar Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Uning hisobida 128 ta o‘yinda 79 ta gol bor. Hujumchi avvalroq 2014, 2018 va 2022-yilgi mundiallarda ishtirok etgan.

Foto: Instagram / Seleçao Brasileira de Futebol

Karlo Anchelotti qaydnomani Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan marosimda e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, murabbiylar shtabi Neymarning holatini butun yil davomida kuzatgan.

«So‘nggi paytlarda u barqaror o‘yin ko‘rsatmoqda va jismoniy holati yaxshi», — dedi Anchelotti.

Tarkibdan shuningdek, jarohat sababli «Liverpul»ning so‘nggi 10 ta o‘yinini o‘tkazib yuborgan Alisson Beker, «Manchester Yunayted»dan Kazemiro va Mateus Kunya kabi futbolchilar joy olgan. «Chelsi» hujumchisi Joau Pedru esa 15 ta gol va 5 ta golli uzatmaga qaramay, ro‘yxatga kiritilmadi.

Braziliya terma jamoasi «C» guruhida 13-iyun kuni Marokashga, 20-iyun kuni Gaitiga va to‘rt kundan so‘ng Shotlandiyaga qarshi maydonga tushadi. AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan 48 jamoalik Jahon chempionati 11-iyun kuni boshlanadi.

Avvalroq Kursiv nashri Neymar «Santos» bilan shartnomasini uzaytirgani haqida xabar bergan edi.