iQOO 15T smartfoni qanday texnik xususiyatlar bilan taqdim etildi

20-may 2026 20:44 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
iQOO 15T smartfoni qanday texnik xususiyatlar bilan taqdim etildi / Foto: iQOO

iQOO yangi flagman smartfoni — iQOO 15T modelini rasman taqdim etdi va qurilma Xitoyda sotuvga chiqarildi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.

Kuchli protsessor va o‘yin imkoniyatlari

Yangi smartfon MediaTek’ning Dimensity 9500 Monster platformasi asosida ishlaydi. Kompaniya protsessor o‘yinlarda barqaror ishlash uchun maxsus optimallashtirilganini bildirgan. SoC tarkibiga FPS barqarorligini 34 foizgacha oshiruvchi «monster engine» tizimi integratsiya qilingan.

Shuningdek, alohida Q3 grafik chipi nurlarni kuzatish, tasvirni kattalashtirish va kadrlar chastotasini oshirish vazifalarini bajaradi. Qurilma 140 dan ortiq o‘yinda 144 FPS rejimini qo‘llab-quvvatlaydi. Sovitish uchun esa 8000 mm² hajmdagi bug‘ kamerasi qo‘llangan.

Foto: iQOO

Displey va batareya

Smartfon 6,82 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlangan. BOE Q10+ paneli 2K (3186×1440) aniqlik, 1–144 Hz adaptiv yangilanish chastotasi va 4500 nitgacha maksimal yorqinlikni taqdim etadi. Ekranda ko‘zni himoya qilish texnologiyalari hamda 2592 Hz PWM boshqaruv tizimi ishlatilgan.

Qurilmaga 8000 mA/soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan bo‘lib, u 100 vattli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, atigi 5 daqiqalik quvvatlash 3 soatgacha video tomosha qilish imkonini beradi. Faol foydalanishda esa kun oxirida batareyaning yarmidan ko‘pi saqlanib qolishi aytilgan.

Foto: Digital station

Kamera va boshqa funksiyalar

Asosiy kamera tizimi 200 megapikselli bosh sensor va 50 megapikselli ultra keng burchakli moduldan iborat. Bosh kamera optik barqarorlashtirish tizimi va 4 karra zum funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ikkinchi modul esa makro suratga olish hamda ultra keng formatdagi tasvirlar uchun xizmat qiladi.

Qurilma OriginOS 6 tizimida ishlaydi va sun’iy intellekt funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, smartfonda IP68/IP69 himoya darajasi, metall ramka va ekran ostidagi ultratovushli barmoq izi skaneri mavjud.

Foto: iQOO

Narxi

Xotira variantiSubsidiyadan keyingi narx
12/256 GB$485
16/256 GB$545
12/512 GB$590
16/512 GB$645
16 GB/1 TB$765

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lenovo Legion Y70 smartfonini kuchli batareya bilan taqdim etgan edi.

Shuningdek