Sport

Osiyo Kubogi U-17. Amaldagi chempion turnirni tark etdi

Foto: O‘FA

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogining yarim finalida musobaqaning amaldagi g‘olibi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Yaponiya vakillariga qarshi maydonga tushdi.

Foto: O‘FA

Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangach, g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Futbol lotereyasida omad yaponiyaliklarga kulib boqdi va ular final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Ahror Ravshanbekov / Foto: O‘FA

Bahsning birinchi bo‘limi to‘liq o‘zbekistonliklar nazorati ostida o‘tdi. 25-daqiqada tashkil etilgan ketma-ket hujumlar o‘z samarasini berdi. Ahror Ravshanbekov jarima maydonchasi ichida raqiblarini birin-ketin aldab o‘tayotgan vaziyatda qo‘pollik bilan to‘xtatildi. Bosh hakam tomonidan belgilangan penaltini Asilbek Aliyev aniq amalga oshirib, hisobni ochdi.

Япония — Узбекистан. Обзор матча Кубка Азии U-17. 1/2 финала. 19.05.2026

Shundan so‘ng ham Sergey Chigodayev shogirdlarida hisobni yiriklashtirish uchun bir qator qulay imkoniyatlar yuzaga keldi, biroq to‘p darvozaga kirmadi. Ikkinchi bo‘limni yaponiyaliklar kutilmaganda juda faol boshlashdi va ketma-ket xavfli hujumlar uyushtirishdi.

O‘zbekistonlik himoyachilar ishonchli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan bo‘lishlariga qaramay, hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtning so‘nggi daqiqalarda Yaponiya vakillari muvozanatni tiklashga erishdi. Shu tariqa navbat penaltilar seriyasiga yetib keldi.

Foto: O‘FA

Asosiy vaqtning so‘nggi soniyalarida o‘tkazib yuborilgan gol ta’sirida, yosh «oq bo‘rilar» dastlabki uchta penaltidan unumli foydalana olishmadi. Garchi darvozabon Olimjon Shomurodov ikkita zarbani qaytarishga muvaffaq bo‘lsa-da, yakuniy natijaga bu ta’sir qilmadi. Penaltilar seriyasida 3:2 hisobida imkoniyatni boy bergan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi yarim finalda o‘z yurishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Olimjon Shomurodov / Foto: O‘FA

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Qatar yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadiigan Jahon chempionatida ishtirok etadi. Turnir 2026-yilning 19-noyabridan 13-dekabrigacha davom etadi

Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekiston U-17 termasi Janubiy Koreyani mag‘lub etib, Osiyo kubogi yarim finaliga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.