Yangiliklar

Toshkent — Urganch yo‘nalishidagi samolyotni chaqmoq urdi

Havo kemasi texnik xizmat ko‘rsatishga yuborilgan
Centrum Air samolyotga chiqolmay qolgan namanganlik fuqaroga kompensatsiya to‘ladi / Centrum Air
Toshkent — Urganch yo‘nalishidagi samolyotni chaqmoq urdi / Foto: Centrum Air

Centrum Air aviakompaniyasining Toshkent — Urganch yo‘nalishidagi samolyotini chaqmoq urdi. Hodisa ortidan qator reyslar jadvalida o‘zgarish yuz bergan.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 19-may kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan C6089 Toshkent — Urganch reysi vaqtida aviakompaniya havo kemasini almashtirishga majbur bo‘lgan.

Bunga dastlab mazkur reysga biriktirilgan Airbus A330 samolyotini chaqmoq urgani sabab bo‘lgan. Hodisadan so‘ng havo kemasi texnik xizmat ko‘rsatishga yuborilgan va bu aviakompaniyaning keyingi qator reyslari kechikishiga olib kelgan.

Reysni jadval asosida amalga oshirish maqsadida sig‘imi kichikroq bo‘lgan Airbus A320 samolyotidan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Natijada 40 nafar yo‘lovchi ushbu reys bilan parvoz qila olmagan.

Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchilarga chipta narxini to‘liq qaytarish yoki eng yaqin bo‘sh reyslarga, jumladan boshqa tashuvchilar reyslariga qayta band qilish imkoniyati taklif etilgan. Kutish muddati uzoq davom etgan yo‘lovchilar esa aviakompaniya hisobidan mehmonxonaga joylashtirilgan.

Shuningdek, noqulayliklar uchun kompensatsiya sifatida yo‘lovchilarga Centrum Air’ning ichki yo‘nalishlaridagi navbatdagi parvoz uchun 50 foizlik chegirma promokodi, bir dona bepul bagaj joyi hamda qo‘shimcha qulaylikka ega o‘rindiq taqdim etilishi bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bangladeshda chaqmoq urishi oqibatida 14 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik.