Gadjetlar

iPhone 18 Pro Max smartfoni haqida nimalar ma’lum

Nisbatan arzonroq iPhone 18 va iPhone 18e esa keyingi yil bahoriga qoldiriladi
iPhone18 Pro Max smartfoni haqida nimalar ma’lum
Foto: Macrumors

Apple kompaniyasi tomonidan iPhone 18 Pro Max smartfoni 2026-yil sentabr oyida taqdim etishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yili Apple’ning ilk buklanadigan iPhone modeli ham namoyish qilinishi mumkin.

Mundarija:

Texnik xususiyatlar

Foto: Filip Vabrousek

Yangi iPhone 18 Pro modellari Apple’ning navbatdagi flagman smartfonlari bo‘ladi. Ular 6,3 dyuymli iPhone 18 Pro va 6,9 dyuymli iPhone 18 Pro Max ko‘rinishida taqdim etilishi kutilmoqda. Apple 2026-yilda iPhone chiqarish strategiyasini o‘zgartirishi mumkin. Kompaniya qimmatroq Pro modellarni odatdagidek kuzda namoyish qiladi. Nisbatan arzonroq iPhone 18 va iPhone 18e esa keyingi yil bahoriga qoldiriladi.

Dizayn

Dizayn jihatidan iPhone 18 Pro modellarida katta o‘zgarish bo‘lmasligi aytilmoqda. Qurilmalar iPhone 17 Pro uslubini saqlab qolishi mumkin. Orqa tomonda uch kamerali yirik blok bo‘ladi. Biroq old panelda o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda. Mish-mishlarga ko‘ra, Dynamic Island kichraytirilishi mumkin. Ayrim manbalarda Face ID komponentlari ekran ostiga joylashtirilishi haqida ham aytilgan. Lekin so‘nggi xabarlarga ko‘ra, bu texnologiya hali tayyor emas.

Foto: Vadim Yuryev

iPhone 18 Pro Max biroz qalinroq bo‘lishi mumkin. Uning qalinligi 8,8 mmga yetishi aytilmoqda. Bu iPhone 17 Pro Max’dagi 8,75 mm ko‘rsatkichidan ozgina yuqori. Qurilma vazni 240 grammdan oshishi mumkin.

Ranglar

Apple iPhone 18 Pro modellari uchun yangi ranglarni ham sinovdan o‘tkazmoqda. Eng ko‘p tilga olinayotgan rang to‘q qizil, ya’ni dark cherry tusidir. U biroz binafsha ohangga ega bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, och ko‘k, to‘q kulrang va kumush ranglar ham sinovdan o‘tkazilayotgani aytilmoqda. Biroq yakuniy ranglar ommaviy ishlab chiqarish boshlanishidan oldin o‘zgarishi mumkin.

Qanday texnologiyalar qo‘llaniladi

Foto: Ice Universe

iPhone 18 Pro modellarida Apple’ning yangi A20 chipi qo‘llanishi kutilmoqda. Ushbu chip TSMC’ning 2 nanometrli texnologiyasi asosida ishlab chiqariladi. Bu unumdorlik va energiya tejamkorligini oshirishi kerak.

A20 chipi A19 chipiga nisbatan 15 foizgacha tezroq va 30 foizgacha tejamkorroq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, u Apple Intelligence funksiyalari uchun ham yuqoriroq samaradorlik berishi kutilmoqda.

Yangi chip WMCM texnologiyasi asosida qadoqlanishi mumkin. Bunda operativ xotira protsessor, grafik chip va Neural Engine bilan bir waferda joylashadi. Bu tezlikni oshirishi va ichki joyni tejashi mumkin.

C2 modem

iPhone 18 Pro modellari Apple’ning yangi C2 modemiga ega bo‘lishi kutilmoqda. U mmWave 5G‘ni qo‘llab-quvvatlashi va Qualcomm modemlariga yaqin ishlashi mumkin. C2 modemida maxfiylikka yo‘naltirilgan yangi imkoniyatlar ham bo‘lishi aytilmoqda. Masalan, mobil tarmoqlar foydalanuvchining aniq manzilini emas, faqat taxminiy hududini ko‘rishi mumkin.

Foto: Macrumors

Yana bir muhim yangilik 5G sun’iy yo‘ldosh aloqasi bo‘lishi ehtimoli bor. Bu standart mobil tarmoq ishlamagan joylarda internetga ulanish imkonini kengaytirishi mumkin.

Kamera

Kamera tizimida ham katta yangilanish kutilmoqda. iPhone 18 Pro asosiy kamerasi o‘zgaruvchan diafragma bilan jihozlanishi mumkin. Bu foydalanuvchiga sensor qancha yorug‘lik qabul qilishini boshqarish imkonini beradi. Bunday texnologiya ortiqcha yorug‘likni kamaytiradi. Shuningdek, past yorug‘likda surat sifati, fon ajralishi va chuqurlik effektini yaxshilashi mumkin.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Apple Samsung ishlab chiqqan uch qatlamli yangi tasvir sensorini ham sinovdan o‘tkazmoqda. Bu kamera tezkorligini oshirishi, shovqinni kamaytirishi va dinamik diapazonni kengaytirishi mumkin.

Batareya

Foto: Macrumors

iPhone 18 Pro Max akkumulyatori ham kattalashishi kutilmoqda. Mish-mishlarda uning sig‘imi 5100–5200 mA/soat atrofida bo‘lishi aytilgan. 2 nanometrli A20 chipi bilan birga bu batareya ishlash vaqtini uzaytirishi mumkin. Displeyda LTPO+ texnologiyasi qo‘llanishi ehtimoli bor. Bu iPhone 17 Pro‘dagi LTPO panelga nisbatan tejamkorroq bo‘lishi aytilmoqda.

Narxi qanday bo‘ladi

Narx bo‘yicha keskin oshish kutilmayapti. Tahlilchi Ming-Chi Kuoga ko‘ra, Apple qo‘shimcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olishi va iPhone 18 Pro narxini oshirmasligi mumkin. Boshqa tahlilchi Jef Pu ham Apple agressiv narx siyosatini saqlashi mumkinligini bildirgan. iPhone 17 Pro AQShda $1,099 dan, iPhone 17 Pro Max esa $1,199 dan boshlangan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iPhone va Android foydalanuvchilari endi shifrlangan xabar almasha olishi haqida yozgan edi.