
Xiaomi kompaniyasining yuqori unumdorlikka ega Xiaomi YU7 GT krossoveri 21-may kuni Xitoy bozoriga chiqadi. Model besh xil kuzov rangi bilan taklif etiladi.
Kompaniya rahbari Ley Junning aytishicha, YU7 GT oddiy YU7 modelidan qimmatroq bo‘lishi kutilmoqda. Aniq narxlar hozircha e’lon qilinmagan. Xiaomi YU7 GT Cherry Red Metallic, Volcanic Gray Metallic, Obsidian Black, Pearl White va Titanium Metallic ranglarida sotuvga chiqariladi.
Salon uchun uch xil variant taklif etiladi. Bular Racing Red sport o‘rindiqlari, Iris Purple qulay o‘rindiqlari va Night Flame Black qulay o‘rindiqlaridir.

Shuningdek, xaridorlar 21 dyuymli g‘ildirak disklarining ikki xil to‘plamini tanlashi mumkin. YU7 GT ikki motorli to‘liq uzatmali SUV hisoblanadi. Avtomobil besh o‘ringa ega.
Old o‘qda 288 kW, ya’ni 386 ot kuchiga teng elektr motor o‘rnatilgan. Orqa o‘qda esa 450 kW yoki 604 ot kuchiga ega elektr motor joylashgan. Xiaomi orqa elektr motorni V8s EVO deb ataydi. Kompaniya buni motorning maksimal quvvati V shaklidagi sakkiz silindrli dvigatel darajasiga yaqinligi bilan izohlaydi.
V8s EVO motori daqiqasiga 28 ming martagacha aylana oladi. O‘zida ishlab chiqilgan kremniy karbid quvvat modullari hisobiga uning quvvati 5,9 foizga oshirilgan. Motor samaradorligi 98,38 foizga yetkazilgan. Bunda 0,15 mm qalinlikdagi stator va rotor kremniy po‘lat listlari ham qo‘llangan.

YU7 GT umumiy hisobda 738 kW, ya’ni 990 ot kuchi quvvat ishlab chiqaradi. Avtomobilning maksimal tezligi 300 km/soatni tashkil etadi. Model 101,7 kWh sig‘imli NMC akkumulyator bilan jihozlangan. U bir quvvatda 705 kmgacha masofa bosib o‘tishi mumkin.
800 voltli yuqori kuchlanishli tizim yordamida YU7 GT akkumulyatorini 12 daqiqada 80 foizgacha quvvatlash mumkin. Avtomobilda ikki kamerali pnevmatik osma, ikki klapanli uzluksiz amortizatsiya tizimi va elektron cheklangan sirpanish differensiali mavjud. Xiaomi ma’lumotiga ko‘ra, shassi sozlamalari kompaniyaning Yevropadagi tadqiqot va ishlanma jamoasi tomonidan yakunlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi Auto yangi Sky Nomad brendini ishga tushirishi mumkinligi haqida yozgan edi.