Sport

«Chelsi» go‘zal loyiha, bu juda yaxshi tanlov — Xabi Alonso

Foto: AP

Xabi Alonso 1-iyuldan boshlab Londonning «Chelsi» klubi yangi bosh murabbiyi sifatida rasman ish boshlaydi. Ispaniyalik mutaxassis ispan televideniyesining El Chiringuito dasturiga bergan intervyusida klub rahbariyatining uzoq muddatli rejasini qo‘llab-quvvatlab, o‘zining ushbu tayinlovini go‘zal loyiha deb ta’rifladi.

Alonso tez orada Londonning g‘arbiy qismiga ko‘chib o‘tadi, biroq «Stamford Brij» stadionida yangi mavsumga tayyorgarlik allaqachon boshlab yuborilgan. Klub rahbariyati og‘ir inqirozli davrdan so‘ng Alonsoning tayinlanishini jamoa uchun muhim qadam deb hisoblamoqda.

«Evrokuboklarsiz qolish qaroringizni o‘zgartirmadimi?» degan savolga Alonso qat’iy javob berdi.

«Yo‘q, men har doim bunga ochiq bo‘lganman. «Chelsi» juda ajoyib va go‘zal loyiha. Bu men uchun eng yaxshi variant».

Yozgi transferlar oynasida jamoa tarkibini muvozanatlashda murabbiy asosiy rolni o‘ynashi kutilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, hujumchi Joau Pedro qariyb $100 mln evaziga Ispaniyaning «Barselona» klubiga o‘tishi mumkin. Shuningdek, Alonso jamoani tark etishi kutilayotgan Enso Fernandez va Mark Kukurelyani o‘z tarkibida olib qolish niyatida.

Foto: AFP

«Chelsi»ning asosiy e’tibori endi yozgi transferlar oynasi va Alonsoning birinchi mavsumoldi yig‘iniga qaratiladi. Yosh murabbiy o‘zining kelajakdagi jamoasiga tajribali va iqtidorli yoshlarni jalb qilmoqchi. Xususan, Alonso o‘zining «Real»dagi sobiq shogirdlari Arda Guler va Alvaro Karrerasni transfer qilishni rejalashtirgan.

Avvaalroq Kursiv Uzbekistan Xabi Alonso «Chelsi»ning yangi bosh murabbiyi bo‘lishi haaqida xabar bergan edi.