Sport

Javohir Sindarov Super Chess Classic turnirida beshinchi o‘ringa ko‘tarildi

Foto: Facebook / Grand Chess Tour

Ruminiyada o‘tayotgan Super Chess Classic 2026 turnirining 8-turida Javohir Sindarov niderlandiyalik Jorden van Forestni mag‘lub etdi. Ushbu g‘alaba orqali o‘zbekistonlik grossmeyster jonli reytingda kuchli beshlikka kirdi.

Foto: UzChess

Javohir Sindarov qora donalarda harakat qilib, murakkab endshpilda g‘alaba qozondi. Ushbu natija va asosiy raqobatchi Anish Girining mag‘lubiyati Sindarovni jonli reytingda 6-o‘rindan 5-o‘ringa ko‘tarilishiga yordam berdi.

Foto: Facebook / Grand Chess Tour

O‘yindan so‘ng Javohir Sindarov rux va ot ruxga qarshi qolgan holatni avvaldan bilishini, xususan, 1996-yilda Garri Kasparov va Yudit Polgar o‘rtasidagi uchrashuvda shunday ssenariy bo‘lganini ta’kidladi.

«Oq shoh g1 yoki h1 da bo‘lganida qanday mot qilishni bilaman. Agar ot e3 ga kelsa va qora shoh g3 ga yetib borsa, hatto piyodalarsiz ham bu doim yutuqli vaziyatdir», — dedi shaxmatchi.

8-turning boshqa bahslarida Bogdan-Daniyel Dyak Anish Girini mag‘lub etdi, Fabiano Karuana va Vinsent Kaymer hamda Praggnanandxa Rameshbabu va Maksim Vashye-Lagrav durang o‘ynadi. Uesli So esa Alirizo Firuzja ustidan g‘alaba qozondi.

Ekran tasviri / Grand Chess Tour

Turnirning hal qiluvchi 9-tur o‘yinlari 23-may kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Sindarov Uesli Soga qarshi dona suradi. Agar Javohir bugungi turda g‘alaba qozonsa, u jonli reytingda O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorovni ortda qoldirishi mumkin.

Foto: UzChess

Avvalroq Kursiv nashri Javohir Sindarov fransiyalik Alirizo Firuja bilan durang o‘ynagani haqida xabar bergan edi.