Javohir Sindaov Ruminiyadagi nufuzli turnirda bronza medalini qo‘lga kiritdi

24-may 2026 16:28 eʼlon qilindi

Aleksandr Ten

Aleksandr Ten

Yangiliklar muharriri a.ten@kursiv.media
Javohir Sindarov Ruminiyadagi nufuzli turnirda bronza medalini qo‘lga kiritdi / Foto: Grand Chess Tour

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 14–24-may kunlari Ruminiyada bo‘lib o‘tgan Chess Classic Romania shaxmat turnirida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Chess.com nashri xabar qildi.

Turnirning to‘qqizinchi turida Sindarov amerikalik grossmeyster Uesli So bilan bahs olib bordi. Uchrashuv durang — ½:½ hisobida yakunlandi. Musobaqada germaniyalik Vinsent Kaymer birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ikkinchi pog‘onadan AQSh vakili Fabiano Karuana joy oldi.

Foto: SI

Ma’lum qilinishicha, Sindarov turnirning yettinchi turida aynan Vinsent Kaymerni mag‘lub etib, uning duranglar seriyasiga barham bergan.

Kutilishicha, o‘zbekistonlik grossmeysterning navbatdagi musobaqasi 7–15-iyun kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan UzChess Cup turniri bo‘ladi.

Shuningdek, Javohir Sindarov iyun oyi o‘rtalarida Gonkongda tashkil etiladigan rapid va blits bo‘yicha jamoaviy turnirda ham qatnashadi. O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan Nodirbek Abdusattorov, Rustam Qosimjonov va boshqa taniqli grossmeysterlar ham o‘rin oladi.

FIDE ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi musobaqaning eng kuchli ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Jamoaviy jahon chempionatida 40 dan ortiq jamoa qatnashishi kutilmoqda. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi esa 500 ming yevroni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sindarov Polshada bo‘lib o‘tgan «Super Rapid & Blitz Poland – 2026» turnirida 16,5 ochko jamg‘arib, yettinchi o‘rinni egallagan edi.

Shuningdek