Avto

«Moskvich» avtomobillarining savdosi keskin pasaydi

Aprel oyida «Moskvich M70» krossoveridan 68 dona realizatsiya qilingan
«Moskvich» avtomobillarining savdosi keskin pasaydi
Foto: «Moskvich»

Rossiya bozorida yangi «Moskvich» avtomobillarining savdosi sustlashmoqda. Aprel oyida M70 va M90 modellaridan jami 106 dona sotilgan, deya xabar bermoqda «Avtopotok».

Ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyida «Moskvich M70» krossoveridan 68 dona realizatsiya qilingan. «Moskvich M90» savdosi esa 38 donani tashkil etgan. Bu mart oyidagi natijadan past. O‘sha oyda ushbu ikki modeldan jami 162 dona sotilgan edi. Shu tariqa aprel «Moskvich» uchun yil boshidan beri eng zaif oylardan biri bo‘ldi.

Kompaniya M70 va M90 modellarini zamonaviy va boy jihozlangan krossoverlar sifatida taqdim etmoqda. Biroq ular bozorda hali sezilarli ulush egallay olmadi. Bunga Rossiya bozorida Geely, Chery, Haval va boshqa brendlar taklifi ortib borayotgani ham ta’sir qilmoqda. Raqobat kuchaygani sari «Moskvich» modellari xaridorlar e’tiborini tortishda qiyinchilikka duch kelmoqda.

Yangi «Moskvich M70» va «Moskvich M90» 2026-yilgi krossoverlar sifatida ko‘rsatilgan. Ular SAIC kompaniyasiga qarashli MG va Roewe platformalari asosida ishlab chiqilgan.

Avtomobillar 1,5 va 2,0 litrli turbo dvigatellar bilan jihozlangan. Ularda robotlashtirilgan uzatmalar qutisi qo‘llangan. M90 versiyasida to‘liq uzatma ham mavjud. Model jihozlari qatorida panoramali tom, multimedia tizimi va raqamli priborlar paneli bor.

M90 versiyasida old o‘rindiqlarni shamollatish funksiyasi ham mavjud. Ayrim versiyalarda yashirin eshik tutqichlari qo‘llangan.

«Kursiv» «Moskvich 3e» avtomobili qanday imkoniyatlar bilan yangilangani haqida yozgan edi.