Avto

Chevrolet Cobalt avtomobilining siz bilmaydigan kamchiliklari

Chevrolet Cobalt avtomobilining siz bilmaydigan kamchiliklari
Manba: «Za rulem»

Chevrolet Cobalt arzonligi, oddiy tuzilishi va xizmat ko‘rsatish xarajatlari nisbatan pastligi sabab ko‘plab bozorlarda ommalashgan avtomobillardan biri hisoblanadi. Ushbu maqolada global bozorda taqdim etilgan xorijiy versiyadagi Chevrolet Cobalt bilan bog‘liq muammolar haqida so‘z boradi.

Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Rul boshqaruvidagi eng xavfli muammolardan biri

Foto: Chevrolet

Chevrolet Cobalt’ning eng ko‘p tilga olinadigan kamchiliklaridan biri elektr rulga yordam tizimi bilan bog‘liq. Bu tizim EPS deb ataladi. Muammo yuzaga kelganda rul birdan og‘irlashadi va haydovchiga avtomobilni boshqarish qiyinlashadi.

Bunday holat ayniqsa yuqori tezlikda xavfli bo‘lishi mumkin. Chunki rulga yordam tizimi ishdan chiqsa, burilish yoki favqulodda vaziyatda avtomobilni nazorat qilish og‘irlashadi.

2005 – 2010-yillarda ishlab chiqarilgan Cobalt modellarida ushbu muammo keng tarqalgani sabab General Motors 2010-yilda chaqiriq e’lon qilgan. Nosozlik odatda EPS elektr motori yoki boshqaruv moduli bilan bog‘liq bo‘ladi.

Foto: Autostrada

Agar avtomobilda EPS chirog‘i yonsa yoki rul avvalgidan og‘irroq aylansa, buni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak. Bunday avtomobilni diagnostikadan o‘tkazish zarur. Ta’mirlash qiymati qimmat bo‘lishi mumkin, chunki ba’zan butun EPS moduli yoki elektr motorini almashtirishga to‘g‘ri keladi.

O‘t oldirish kaliti bilan bog‘liq jiddiy nuqson

Chevrolet Cobalt tarixidagi eng mashhur muammolardan biri ignatsiya (o‘t oldirish kaliti) kaliti bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu nuqson sabab avtomobil harakat vaqtida to‘satdan o‘chib qolishi mumkin edi.

Eng xavfli tomoni shundaki, dvigatel o‘chsa, ayrim xavfsizlik tizimlari ham ishlamay qolishi ehtimoli bo‘lgan. Jumladan, havo yostiqlari kerakli vaqtda ochilmasligi mumkin edi. Shu sababli mazkur muammo oddiy texnik nosozlik emas, balki xavfsizlikka bevosita tahdid sifatida baholangan.

Foto: Chevrolet

2014-yilda General Motors ushbu muammo sabab millionlab avtomobillarni chaqirib olgan. Cobalt ham bu chaqiriqlarning markazida bo‘lgan modellardan biri edi.

Ishlatilgan Cobalt sotib olayotganda avtomobilning VIN raqami orqali ushbu chaqiriq ishlari bajarilgan yoki bajarilmaganini tekshirish muhim. Agar ignatsiya kaliti almashtirilmagan bo‘lsa, avtomobilni xarid qilishdan oldin bu masalani hal qilish kerak.

Transmissiya bilan bog‘liq nosozliklar

Cobalt egalari orasida uzatmalar qutisi bilan bog‘liq shikoyatlar ham uchraydi. Ayniqsa, mexanik uzatma qutisida ayrim tezliklarga o‘tish qiyinlashishi, g‘ijirlash yoki sinxronizatorlar eskirishi kuzatilgan.

Ba’zi avtomobillarda ikkinchi yoki beshinchi tezlikka o‘tishda noqulaylik paydo bo‘ladi. Bu muammo dastlab mayda belgilar bilan boshlanadi. Vaqtida e’tibor berilmasa, uzatmalar qutisini jiddiy ta’mirlashga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Foto: Favorit Motors

Avtomat uzatma qutisida ham siltanish, kechikib almashish yoki harakatda notekislik kuzatilishi mumkin. Bu muammolar har bir Cobalt’da bo‘lavermaydi, lekin sotib olishdan oldin avtomobilni har xil tezlikda sinovdan o‘tkazish muhim.

Transmissiya ta’miri eng qimmat xarajatlardan biri bo‘lishi mumkin. Shu bois Cobalt tanlayotganda uzatmalar qutisi ovozi, harakati va tezliklar almashinuvi alohida tekshirilishi kerak.

Yonilg‘i tizimidagi xavfli nuqsonlar

Chevrolet Cobalt’da yonilg‘i tizimi bilan bog‘liq ayrim muammolar ham qayd etilgan. Eng jiddiy holatlardan biri yonilg‘i nasosi modulidagi plastik portlarning yorilishi bilan bog‘liq.

Bunday yoriqlar yonilg‘i sizib chiqishiga olib kelishi mumkin. Agar avtomobil atrofida benzin hidi sezilsa yoki bak atrofida namlik ko‘rinsa, bu juda jiddiy signal hisoblanadi. Chunki yonilg‘i sizishi yong‘in xavfini oshiradi.

2006 – 2007-yillardagi ayrim modellarda bu muammo sabab rasmiy chaqiriqlar bo‘lgan. Ayrim sovuq mintaqalarda ishlatilgan avtomobillarda metall yonilg‘i quvurlarining zanglashi ham uchragan.

Foto: Yuz.uz

O‘zbekiston bozorida xorijdan olib kelingan eski Cobalt’ni tekshirganda pastki qismga alohida e’tibor berish kerak. Ayniqsa, yonilg‘i quvurlari, tormoz quvurlari va bak atrofida zang yoki sizish bor-yo‘qligi tekshirilishi lozim.

Kuzov va zang muammosi

Cobalt’ning yana bir kamchiliklaridan biri kuzov va pastki qismlarning zangga moyilligidir. Bu holat, ayniqsa, qishki yo‘llarda tuz sepiladigan hududlarda ishlatilgan avtomobillarda ko‘p uchraydi.

Eshik ostlari, pastki panellar, g‘ildirak arkalari, yonilg‘i va tormoz quvurlari zangdan zarar ko‘rishi mumkin. Dastlab bu faqat tashqi ko‘rinishdagi muammo bo‘lib tuyuladi. Ammo vaqt o‘tishi bilan zang xavfsizlikka ham ta’sir qiladi.

Kuzov konstruksiyasi zaiflashsa, avariya paytida avtomobil yo‘lovchilarni yetarlicha himoya qila olmasligi mumkin. Shuningdek, zanglagan yonilg‘i yoki tormoz quvurlari alohida xavf tug‘diradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobilining narxi pasaygani haqida yozgan edi.