
Florentino Peres Madridning «Real» klubi prezidenti lavozimiga qayta saylandi. El Chiringuito nashri ma’lumotiga ko‘ra, 79 yoshli Peres saylovda 64,1 foiz ovoz to‘plagan.
U asosiy raqibi Enrike Rikelmeni ortda qoldirdi. Shu tariqa Peres 2030-yilgacha «Real»ni boshqarishda davom etadi. U klub prezidentligiga qatorasiga sakkizinchi bor saylandi.
Peresning qayta saylanishi klubdagi keyingi sport loyihalari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Avvalroq uning g‘alabasi Joze Mourinyoning «Real» bosh murabbiyi etib tayinlanishiga yo‘l ochishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.
Shuningdek, qayta saylangan prezident jamoa tarkibini kuchaytirish rejalari haqida ham gapirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, «Liverpul» himoyachisi Ibrohim Konate va «Inter» futbolchisi Denzel Dumfris Madrid klubiga olib kelinishi mumkin.
«Real» Ispaniya chempionatining o‘tgan mavsumida ikkinchi o‘rinni egalladi. Madrid klubi chempion bo‘lgan «Barselona»dan 8 ochko ortda qoldi. Florentino Peres «Real» tarixidagi eng ta’sirli rahbarlardan biri hisoblanadi. Uning davrida klub ko‘plab yirik transferlar va xalqaro yutuqlar bilan tanilgan.
Avvalroq «Kursiv» Ispaniya terma jamoasi Jahon chempionatiga «Real»siz borishi haqida yozgan edi.