Sport

Jaloliddin Masharipovning holati yuzasidan rasmiy bayonot berildi

Jaloliddin Masharipovning jarohati yuzasidan O‘FA rasmiy bayonot berdi
Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Jaloliddin Masharipov bel qismidagi og‘riqlar sababli AQShdagi yig‘in hamda Kanada va Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etmadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.

So‘nggi haftalarda futbolchining bel qismida og‘riqlar kuzatilgan bo‘lib, dori-darmon va fizioterapiya muolajalari orqali uning holati yaxshilangan edi. Biroq keyinchalik og‘riqlar qayta bezovta qila boshlagan. O‘tkazilgan MRT tekshiruvi natijalariga ko‘ra, Masharipovda umurtqalararo disk churrasi qayta xuruj qilgani ma’lum bo‘ldi.

Ayni paytda milliy jamoa tibbiy shtabi futbolchining sog‘lig‘i bo‘yicha ish olib bormoqda. Holat yuzasidan yakuniy tibbiy xulosalar olingach, qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi aytilgan.

Foto: UzA

Eslatib o‘tamiz, 9-iyun kuni Jaloliddin Masharipov Jahon chempionatida ishtirok etadigan yakuniy tarkibdan chiqarilib, uning o‘rniga Ruslanbek Jiyanov jalb qilinishi haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalgan edi.

Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekiston JCh – 2026 liboslari reytingida past o‘rinni egallagani haqida xabar bergan edi.