Sport

Jamoa yarim yo‘lda to‘xtamaydi — Lionel Messi Argentina terma jamoasining Jahon chempionati oldidan munosabati haqida gapirdi

Jamoa yarim yo‘lda to‘xtamaydi — Lionel Messi Argentina terma jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan munosabati haqida gapirdi
Foto: Instagram/@afaseleccion

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi Jahon chempionati oldidan milliy jamoaning kayfiyati va maqsadlari haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi jahon chempionlari yangi mundialda ham yuqori natija uchun kurashishga tayyor.

Argentina terma jamoasi jahon chempionati starti oldidan Islandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda argentinaliklar 8-daqiqadayoq hisobni ochdi. Gol muallifi Valentin Barko bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘limda Lionel Messi penaltini aniq amalga oshirib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. 86-daqiqada esa Tyago Almada uchinchi golni urib, Argentina g‘alabasini yirik hisobga aylantirdi.

O‘yindan so‘ng Messi maydonga qaytganidan xursand ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, uchrashuv oldidan kichik sog‘liq muammolari bo‘lgan, biroq u baribir biroz o‘ynashni istagan.

Kichik muammolar ham xalaqit bermadi

Foto: Messi / Instagram

«Men har doimgidek ruhlanganman. Bugun ozgina o‘ynagim keldi, chunki kelganimdan beri kichik muammolarim bor edi», — dedi Messi TyC Sports’ga bergan izohida.

Argentina sardori jamoaning hozirgi ruhiy holatiga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, bu tarkib raqib kim bo‘lishidan va o‘yin maqomidan qat’i nazar, doimo g‘alaba uchun maydonga tushadi.

«Avval ham aytganimdek, bu jamoa hech qachon yarim yo‘lda to‘xtamaydi. O‘ylaymanki, biz buni har qanday raqibga qarshi o‘yinlarda isbotlaganmiz. Bu g‘olib jamoa va u doimo ko‘proq narsani xohlaydi. Biz bosqichma-bosqich harakat qilamiz, ammo juda katta ishtiyoq bilan», — qayd etgan Messi.

Argentina terma jamoasi 2022-yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘olib chiqqan edi. Jamoa mundialda ham amaldagi chempion maqomida maydonga tushadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Jaloliddin Masharipovning holati yuzasidan rasmiy bayonot berilgani haqida yozgan edi.