Lifestyle

Jasjan nomi bilan tanilgan bloger Moskvada qo‘lga olindi

Metrodagi provokatsion videolar uchun
Jasjan nomi bilan tanilgan bloger Moskvada qo‘lga olindi
Foto ekran tasviri

Moskva metrosida provokatsion videolar suratga olib, ularni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan o‘zbekistonlik bloger Jasurbek Shodiyev (Jasjan) Rossiya huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda RBC nashri xabar berdi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bloger ataylab Moskva metrosiga kelib, yo‘lovchilarni turli mojarolarga tortishga uringan. U odamlarning reaksiyasini videoga olib, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib kelgan.

Bloger Rossiyani tark etishga uringan paytda aeroportda qo‘lga olingan.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan videoda u o‘z qilmishidan afsusda ekanini bildirib, «Bu yerda bunday qilish mumkin emasligini bilmagan edim. Meni kechiring» degan.

Hozirda holat yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda. Uning yakunlariga ko‘ra, tegishli huquqiy qaror qabul qilinadi.

Ma’lumot uchun, Rossiyada 2024-yilda «tresh-strim» deb ataluvchi provokatsion va mojaroli kontentlarga qarshi qonunchilik kuchaytirilgan. Bunday materiallar tarqatilishi taqiqlangan axborotlar toifasiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, Jasjan bundan oldin Toshkentda Instagram uchun video olish maqsadida jamoat tartibini buzgani uchun besh sutkaga qamalgandi. Unga ko‘ra, o‘tgan yili 11-yanvarda Hilton mehmonxonasi oldida Shodiyev tanishi Sadaf Saidova bilan oldindan kelishib, janjalli video suratga olgan. Ular bir-birini haqorat qilgan holda jamoat tartibini buzib, ushbu videoni Instagramga joylagan.

13-yanvar kuni Shayxontohur tumani sudi Shodiyevni Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) boʻyicha aybdor deb topib, 5 sutka qamoq jazosi tayinladi. Shuningdek, har kunlik saqlash xarajatlari uchun undan BHMning 15 foizi undirilishi belgilandi.