
Telegram Apple Watch foydalanuvchilari uchun alohida ilovani qayta taqdim etdi. Bu haqda messenjer asoschisi Pavel Durov o‘z sahifasida xabar berdi.
Telegram’ning watchOS uchun dasturi avval ham mavjud bo‘lgan, biroq 2022-yilda ishlab chiquvchilar uni raqamli do‘konlardan olib tashlagan edi. Endilikda messenjer Apple Watch foydalanuvchilari uchun qayta taqdim etildi.
Yangi ilova orqali foydalanuvchilar matnli va ovozli xabarlar yuborishi hamda qabul qilishi, GIF-fayllar almashishi, videolarni tomosha qilishi, geolokatsiya ulashishi va stikerlardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, barcha suhbatlar va kontaktlar ro‘yxatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri smart soat orqali kirish imkoniyati ham yaratilgan.
Ilovani Apple Watch’ga o‘rnatish uchun avvalo iPhone’dagi Telegram dasturini yangilash kerak. Shundan so‘ng iPhone’dagi Watch ilovasining «Ilovalar» bo‘limidan Telegram’ni topib, «O‘rnatish» tugmasini bosish mumkin. Bundan tashqari, messenjerni Apple Watch’dagi App Store orqali ham yuklab olish imkoniyati mavjud.
Birinchi ishga tushirilganda foydalanuvchidan tizimga kirish talab etiladi. Buning uchun soat ekranida QR-kod paydo bo‘ladi. Uni iPhone’dagi Telegram ilovasi orqali skanerlash kerak. Buning uchun «Sozlamalar» bo‘limiga kirib, «Qurilmalar» va undan so‘ng «Qurilma qo‘shish» bandini tanlash lozim.
Telegram endilikda Wear OS operatsion tizimida ishlovchi smart soatlar uchun ham foydalanishga taqdim etilgan. Bunday qurilmalarda messenjerni Play Market orqali yuklab olib, xuddi shu tartibda smartfon yordamida akkauntga ulanish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram o‘zining navbatdagi yangilanishi orqali ilova ichida bir qator SI bilan bog‘liq xizmatlarni taqdim etgan edi.