Hyundai Sonata 2026 Xitoyda sotuvga chiqdi — narx

15-iyun 2026 09:19 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Hyundai Sonata 2026 Xitoyda sotuvga chiqdi — narx
Foto: Hyundai

Beijing Hyundai qo‘shma korxonasi Xitoy bozorida Hyundai Sonata 2026 sedanini taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.

Yangilangan model to‘rtta komplektatsiyada sotuvga chiqarilgan bo‘lib, narxi 140 ming yuandan 174 ming yuangacha belgilangan. Bu taxminan $20,7–25,7 mingga teng.

Dizayn

Tashqi dizayn bo‘yicha sedan avvalgi uslubini saqlab qolgan. Avtomobil Hyundai’ning zamonaviy dizayn yo‘nalishida ishlangan bo‘lib, ikki qavatli old optika, keng radiator panjarasi va orqa qismda yagona yorug‘lik chizig‘i bilan birlashtirilgan chiroqlar bilan ajralib turadi.

Modelning N Line versiyasi ham taklif qilinadi. Ushbu modifikatsiya sport uslubidagi kuzov elementlari, to‘rtta chiqarish trubasi, qizil tormoz supportlari va dekorativ detallar bilan oddiy versiyalardan farq qiladi. Bu variant avtomobilga yanada agressiv va dinamik ko‘rinish beradi.

Salonida raqamli priborlar paneli va multimedia tizimini birlashtirgan yagona egri ekran bloki o‘rnatilgan. Har ikki displeyning diagonali 12,3 dyuymni tashkil etadi. Shu bilan birga, Hyundai jismoniy tugmalardan to‘liq voz kechmagan. Bu haydovchi uchun asosiy funksiyalarni boshqarishni qulayroq qiladi.

Foto: Hyundai

Xavfsizlik va haydovchiga yordam beruvchi tizimlar uchun Hyundai SmartSense kompleksi javob beradi. Unga to‘qnashuv xavfi haqida ogohlantirish, yo‘lakda ushlab turish, adaptiv kruiz-kontrol va boshqa zamonaviy elektron yordamchilar kiradi.

O‘lcham va texnik xususiyatlar

Hyundai Sonata 2026 o‘lchamlari 4945 mm uzunlik, 1860 mm kenglik va 1445 mm balandlikni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 2875 mmga teng. Bu ko‘rsatkichlar modelni o‘rta sinf sedanlari orasida keng va qulay avtomobillar qatoriga kiritadi.

Xitoy bozorida sedan ikki xil benzinli turbo dvigatel bilan taklif etiladi. Bazaviy versiyada 1,5 litrli motor o‘rnatilgan bo‘lib, u 170 ot kuchi ishlab chiqaradi. Kuchliroq variant esa 2,0 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan va 250 ot kuchiga ega. Har ikki dvigatel 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan ishlaydi.

Avtomobil osma tizimi segment uchun an’anaviy sxema asosida qurilgan. Old qismda McPherson ustunlari, orqa qismda esa ko‘p richagli osma qo‘llanilgan. Bunday yechim sedan uchun qulaylik va boshqaruvchanlik o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.

Hyundai Sonata 2026 Xitoy bozorida dizayn, texnologiya va kuchli dvigatellar uyg‘unligiga urg‘u berilgan sedan sifatida taklif etilmoqda. Ayniqsa, 250 ot kuchiga ega 2,0 litrli turbo motor va 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi modelni raqobatchilar fonida jozibadorroq qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 55 mingga yaqin Hyundai Elantra Hybrid avtomobili chaqirib olingani haqida yozgan edi.

Shuningdek