
Microsoft Qualcomm’ning yangi Snapdragon X2 protsessorlari bilan ishlaydigan Surface Pro va Surface Laptop qurilmalarini sotuvga chiqardi. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.
Model Snapdragon X2 Plus (10 yadroli) yoki Snapdragon X2 Elite (12 yadroli) protsessorlari bilan jihozlanadi. Qurilma Platinum, Black va Dune ranglarida taklif etiladi.

Displey, xotira va batareya xususiyatlari
Surface Pro 120 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydigan 13 dyuymli sensorli ekran bilan jihozlangan. OLED displey opsional ravishda taqdim etiladi.
Qurilma 16 GB dan 64 GB gacha tezkor xotira, 256 GB dan 1 TB gacha ichki xotira hamda Wi-Fi 7 qo‘llab-quvvatloviga ega. Microsoft ma’lumotlariga ko‘ra, batareya mahalliy videolarni tomosha qilish rejimida 15,5 soatgacha xizmat qiladi.
Surface Pro’ning boshlang‘ich narxi $1,5 mingni tashkil etadi. Maksimal konfiguratsiya narxi esa $3550 gacha yetadi.

Surface Laptop ikki o‘lchamda taqdim etildi
Yangi Surface Laptop 13,8 va 15 dyuymli versiyalarda sotuvga chiqarildi. Ularning boshlang‘ich narxi mos ravishda $1,6 ming va $1,7 mingni tashkil qiladi.
Ikkala model ham ranglarni aniq aks ettiruvchi LCD displeylar bilan jihozlangan. Qurilmalar Platinum, Black va Dune ranglarida taklif etiladi. Bundan tashqari, 13,8 dyuymli versiya Jade rangida ham mavjud.
Texnik imkoniyatlar va narxlar
Surface Laptop modellari ham Snapdragon X2 Plus va Snapdragon X2 Elite protsessorlari bilan jihozlanadi. Tezkor xotira hajmi 16 GB dan 64 GB gacha, ichki xotira esa 13,8 dyuymli modelda 256 GB dan, 15 dyuymli versiyada 512 GB dan boshlanadi. Har ikki modelda maksimal xotira hajmi 1 TBni tashkil etadi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 13,8 dyuymli model batareyasi 20 soatgacha, 15 dyuymli versiya esa 19 soatgacha ishlaydi. Kichikroq model 39 vattli, kattaroq versiya esa 65 vattli quvvat adapteri bilan ta’minlanadi.
13,8 dyuymli Surface Laptop’ning maksimal konfiguratsiyasi $3450 ga baholangan. Hozircha 15 dyuymli modelning 64 GB tezkor xotira va 1 TB ichki xotiraga ega versiyasi narxi e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Microsoft Windows uchun yangi Scout sun’iy intellekt yordamchisini taqdim etgan edi.
