
Janubiy Koreya poytaxti Seulda noodatiy moda namoyishi bo‘lib o‘tdi. Unda oddiy modellar bilan birga odamga o‘xshash robotlar ham sahnaga chiqdi.
Euronews xabariga ko‘ra, tadbir Galaxy Corporation ko‘ngilochar kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan.
Namoyish davomida dizaynerlik liboslarini kiygan robotlar tomoshabinlar oldida chiqish qildi. Ular sahnada raqsga tushdi va hatto o‘zaro jang sahnasini ham namoyish etdi.
Robotlar va insonlarning bir sahnada birga chiqish qilgani tomoshabinlar uchun kutilmagan holat bo‘ldi.
Tashkilotchilarning aytishicha, ushbu namoyishdan maqsad kelajakda odamlar va robotlar yanada yaqinroq yashashi mumkinligini ko‘rsatishdan iborat.

Galaxy Corporation bosh direktori Chxoy Yong Xo kelajakda moda insonlar va robotlar uchun umumiy yo‘nalishga aylanishini tasavvur qilishini bildirdi.
Uning fikricha, odamlar robotlarning obrazlaridan ilhom olishi, robotlar esa insonlar uchun yaratilgan zamonaviy kiyimlarni kiyishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dolce & Gabbana modalar uyida rahbariyat o‘zgargandi. Mazkur qaror asoschilaridan biri Stefano Gabbana kompaniyadagi rahbarlik lavozimlarini tark etganidan so‘ng qabul qilindi. U o‘tgan yil dekabr oyida raislikdan ketgan edi. Hozirda kompaniyada Domeniko Dolchening akasi Alfonso Dolche bosh direktor lavozimida ishlamoqda. U yanvar oyidan boshlab raislik vazifasini ham o‘z zimmasiga olgan.
