Gadjetlar

Oppo Reno 16 va Reno 16c smartfonlari taqdim etildi — texnik xususiyatlar

Smartfonlar HoloVerse 3D dizayn konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan
Oppo Reno 16 va Reno 16c smartfonlari taqdim etildi / Foto: Gizmochina

Oppo kompaniyasi yangi Reno 16 seriyasini taqdim etdi. Seriyada yangilangan dizayn, mustahkam korpus va sun’iy intellekt funksiyalarga alohida e’tibor qaratildi, deya xabar bermoqda Gizmochina.

Dizayn va yuqori himoya

Oppo Reno 16 va Reno 16c smartfonlari HoloVerse 3D dizayn konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan. Kompaniya yangi qurilmalarning asosiy afzalliklaridan biri sifatida ularning mustahkamligini ta’kidlamoqda.

Qayd etilishicha, ikkala model ham IP66, IP68, IP69 va IP69K himoya standartlariga ega. Bu smartfonlarning chang, suvga tushish, suv sachrashi hamda yuqori bosim ostidagi suv ta’siridan himoyalanganini anglatadi.

Shuningdek, Reno 16 modelida aerokosmik darajadagi alyuminiy karkas qo‘llanilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu yechim qurilmaning zarbaga chidamliligini oshiradi.

Foto: Gizmochina

Displey va o‘lchamlar

Reno 16 smartfoni 6,32 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekran FHD+ aniqlik, 120 Gts yangilanish chastotasi va 1,6 millimetrli ramkaga ega bo‘lib, foydali ekran maydoni 93,4 foizni tashkil etadi.

Reno 16c modeli esa 6,57 dyuymli AMOLED displey, FHD+ aniqlik va 120 Gts yangilanish chastotasini taklif etadi.

Ekranning maksimal yorqinligi Reno 16 modelida 1800 nit, Reno 16c modelida esa 1400 nitga yetadi. Qurilmalarning qalinligi mos ravishda 8,22 va 8,44 millimetrni, vazni esa 182 hamda 195 grammni tashkil etadi.

Foto: MT Today

Sun’iy intellekt funksiyalari

Reno seriyasida ilk bor taqdim etilgan AI Snap Key funksiyasi foydalanuvchilarga yon tugma orqali kamera, fonar, diktofon, tarjimon va boshqa xizmatlarni tezkor ishga tushirish imkonini beradi.

Mazkur tugma Oppo AI Mind Space platformasi bilan ham integratsiya qilingan. Platforma Gemini, Perplexity va ChatGPT xizmatlarini birlashtirib, ma’lumotlarni saqlash, tartibga solish va qidirish jarayonlarini soddalashtiradi.

Foto: 91Mobiles

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iQOO Z11i smartfoni taqdimot oldidan namoyish etilgani haqida yozgan edik.