Avto

Yangi Mercedes-Benz S-Class avtomobili sotuvga chiqdi

Yangi Mercedes-Benz S-Class sotuvga chiqdi
Foto: Mercedes-Benz

Rossiyada 2026-yilgi yangi Mercedes-Benz S-Class avtomobili sotuvga chiqdi. Mamlakatga olib kelingan ilk avtomobil narxi $438 ming etib belgilangan. Bu narx chegirmalar va maxsus takliflarni hisobga olmagan holda ko‘rsatilgan.

Avtomobil «Avtoforum Sheremetyevo» dilerlik markazida mavjud. Zarurat tug‘ilsa, uni Major tarmog‘idagi istalgan avtosalonga yetkazib berish mumkin. Autonews.ru ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa rossiyalik sotuvchilarda restayling qilingan S-Class hozircha faqat buyurtma asosida mavjud.

Foto: Mercedes-Benz

Yangilanishdan so‘ng Mercedes-Benz S-Class tashqi ko‘rinishida sezilarli o‘zgarishlar oldi. Sedan kattalashtirilgan radiator panjarasi, yangi LED optika, 20 dyuymli g‘ildirak disklari va model uchun ilk bor kapotdagi yoritiladigan Mercedes-Benz yulduzi bilan jihozlangan.

Salon ham yangilangan. Unda MBUX Superscreen multimedia tizimi paydo bo‘ldi. Ushbu tizim markaziy displey va old yo‘lovchi ekranini yagona shisha panel ostida birlashtiradi. Shuningdek, avtomobilga havodan yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi MB.OS operatsion tizimi o‘rnatilgan.

Qanday imkoniyatlarga ega

Foto: Mercedes-Benz

Texnik jihatdan ham S-Class bir qator zamonaviy yechimlarga ega. Model yo‘l notekisliklariga oldindan moslasha oladigan E-Active Body Control faol osmasi, yangilangan haydovchi yordamchilari va takomillashtirilgan avtomatik parkovka tizimi bilan jihozlangan.

S 580 4Matic versiyasi yangi 4,0 litrli benzinli V8 dvigatel bilan harakatlanadi. Motor ikki turbokompressor va «yumshoq» gibrid tizim bilan to‘ldirilgan. Uning quvvati 537 ot kuchini tashkil qiladi.

Yangilangan Mercedes-Benz S-Class Rossiya bozorida texnologik jihozlari, kuchli V8 dvigateli va nisbatan pastroq narxi bilan premium sedanlar segmentida e’tiborli takliflardan biriga aylanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri dunyodagi eng qimmat avtomobil brendlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.