
Kongo DRga qarshi bahs oldidan O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Fabio Kannavaro hamda sardori Eldor Shomurodov ishtirokida rasmiy matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida jamoa sardori Eldor Shomurodov futbolchilarning asosiy vazifasi ilk g‘alabani qo‘lga kiritish va xalqni xursand qilish ekanligini ta’kidladi. U hujumga o‘tish bilan birga himoyani yoddan chiqarmaslik kerakligini eslatib o‘tdi.
«Muxlislarimiz kuch berib turdi, nafaqat stadiondagi balki O‘zbekistondagi ishqibozlarimizning ham qo‘llab-quvvatlab turishlarini his qildik. Ularga albatta minnatdorchilik bildiramiz va ularni keyingi o‘yinda xursand qilishga harakat qilamiz», — dedi Shomurodov.

Bosh murabbiy Fabio Kannavaro raqibning jismoniy jihatdan yaxshi shakllangan hamda tajribali jamoa ekanligiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, avvalgi ikki turda kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushilgani sababli, navbatdagi bahs nisbatan erkinroq ruhda kechadi.
«Biz jamoa sifatida o‘sishimiz mumkin bu turnirda. Ertaga qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatni amalga oshirib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz», — dedi mutaxassis.

Shu bilan birga, Kannavaro darvozabonlar rotatsiyasiga ham izoh berdi. U jamoada uchta yuqori darajadagi darvozabon borligini va bu kabi yirik musobaqalarda ularning barchasiga imkoniyat berish muhim tajriba ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Murabbiy ilk kunlardanoq o‘yinchilardagi bosimni kamaytirish ustida ishlaganini va mamlakatdagi bolalar futboliga bo‘lgan e’tibor o‘z natijasini berayotganini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekiston Portugaliyaga yirik hisobda imkoniyatni boy bergani haqida xabar bergan edi.