Sport

Eldor Shomurodovning goli eng chiroyli gollar ro‘yxatiga kiritildi

Eldor Shomurodovning goli eng chiroyli gollar ro‘yxatiga kiritildi
Foto: Instagram / Eldor Shomurodov

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning Jahon chempionati guruh bosqichida urgan goli FIFA tomonidan eng chiroyli gollar ro‘yxatiga kiritildi. Tashkilot 2026-yilgi mundialning guruh bosqichidagi eng yaxshi goliga nomzod futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.

Nomzodlar orasida Shomurodovdan tashqari Lionel Messi, Kilian Mbappe, Vinisius Junior, Jovanni Reyna, Ismoil Saybari, Feliks Nmecha, Elayja Jast, Kevin Pina, Kerim Alaybegovich, Uilson Isidor va Daydzen Maeda ham bor. G‘olib muxlislar ovozi orqali aniqlanadi.

Ovoz berish 48 soat davom etadi. Shundan so‘ng FIFA guruh bosqichining eng yaxshi golini e’lon qiladi. Nomzod gollar videosi FIFA platformalarida namoyish etilgan.

Eldor Shomurodov JCh—2026 guruh bosqichida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi uchrashuvda gol urgandi. O‘zbekiston ushbu o‘yinda mag‘lubiyatga uchrab, turnirdagi ishtirokini yakunlagan edi.

Avvalroq «Kursiv» Jahon chempionati sabab O‘zbekiston haqidagi Google qidiruvlari 450 foizga oshgani haqida yozgan edi.