
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov jamoani kutib olish marosimida fikr bildirdi. Futbolchining aytishicha, terma jamoa a’zolari musobaqada bor kuchini sarflagan.
Shomurodov natija kutilganidek bo‘lmaganini tan olgan holda, futbol orqali xalq birlasha olgani O‘zbekiston uchun muhim yutuq ekanini ta’kidladi.
«Barcha futbolchilar jahon chempionatida borini berishdi. Shuni ayta olaman. Yomon natijaga qaramay, bu narsadan O‘zbekiston futboli va O‘zbekiston yutdi deb o‘ylayman, chunki shuncha odamlarni birlashtira oldik, o‘sha futbol orqali. Buning o‘zi bizni faxrlanishga arziydi deb o‘ylayman. Albatta, natija uchun barchadan uzr so‘raymiz», – dedi Eldor Shomurodov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi mundialni guruh bosqichida eng past natija qayd etgan holda yakunladi. Milliy jamoa o‘z darvozasidan 11 marotaba to‘p olib chiqqan bo‘lsa, ikki bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etdi. Kolumbiyaga qarshi o‘yinda Abbosbek Fayzullayev gol urdi, Kongo DR qarshi bahsda Eldor Shomurodov o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Avvalroq «Kursiv» Shomurodovning goli guruh bosqichida eng yaxshisi deb topilgani haqida yozgan edi.