
General Motors Meksika bozorida Chevrolet Tracker 2026 modeli uchun texnik imkoniyatlar, qulayliklar va xavfsizlik tizimlari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.
Model 1,2 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, u 137 ot kuchi ishlab chiqaradi. Avtomobil zamonaviy texnologiyalar, sport uslubidagi dizayn va keng salon bilan ajralib turadi. Uning narxi mahalliy bozorda 483,3 ming Meksika pesosidan boshlandi. Bu $27,6 mingga teng.
Tracker 2026’da OnStar tizimi mavjud bo‘lib, u haydovchiga 24/7 rejimida shaxsiy yordam xizmatini taqdim etadi. Shuningdek, avtomobil Android Auto va Apple CarPlay orqali smartfonni simsiz ulash imkoniyatiga ega. Elektron boshqaruvli konditsioner, 11 dyuymli sensorli multimedia ekrani hamda 8 dyuymli rangli raqamli priborlar paneli ham modelning asosiy jihozlari qatoridan o‘rin olgan.
Dizayn

Model tashqi ko‘rinishida sportcha chiziqlar va zamonaviy detallar bilan ajralib turadi. Kuzov rangiga mos tashqi eshik tutqichlari, nafis old panel, salon ichida qizil bezak elementlari va balandlik hamda chuqurlik bo‘yicha sozlanadigan rul avtomobilga yanada zamonaviy ko‘rinish beradi.
Chevrolet Tracker 2026’da simsiz smartfon quvvatlagichi, priborlar panelida joylashgan ikkita USB port, OnStar 4G LTE Wi-Fi tizimi va myChevrolet ilovasi mavjud. OnStar orqali avtomobil ichida bir vaqtning o‘zida yettitagacha qurilmani internetga ulash mumkin. myChevrolet ilovasi esa smartfon orqali avtomobilni masofadan ishga tushirish va u bilan aloqada bo‘lish imkonini beradi.
Xavfsizlik tizimi

Xavfsizlik qismida Tracker Chevy Safety Assist tizimi bilan jihozlangan. U avtomatik favqulodda tormozlash, old to‘qnashuv haqida ogohlantirish va yordam, piyodani aniqlash va tormozlash, yo‘lakdan chiqib ketish haqida ogohlantirish va yordam, olddagi avtomobilgacha masofa indikatori hamda IntelliBeam faralar tizimini o‘z ichiga oladi.
Model besh yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Yukxona hajmi orqa o‘rindiqlar buklanganda 1405 litrgacha yetadi. Shuningdek, old o‘rindiqlarni isitish, haydovchi o‘rindig‘ini 6 holatda, yo‘lovchi o‘rindig‘ini esa 4 holatda mexanik sozlash imkoniyati mavjud. Orqa o‘rindiqlar 60/40 nisbatda buklanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlar

Chevrolet Tracker 2026 LT va RS versiyalarida taklif etiladi. LT talqinida LED kunduzgi chiroqlar, kalit orqali masofadan kirish va ishga tushirish, 8 dyuymli rangli klaster, 11 dyuymli sensorli multimedia ekrani, oltita dinamik, tom reylinglari va 17 dyuymli disklar mavjud. RS versiyasi esa LT jihozlariga qo‘shimcha ravishda RS uslubidagi dizayn, aqlli kalit, isitiladigan sport ruli, 18 dyuymli disklar, elektr lyuk, qizil detallarga ega qora vinil charm o‘rindiqlar va simsiz smartfon quvvatlagichi bilan jihozlanadi.
Chevrolet Tracker 2026 uchun 3 yil yoki 60 ming kilometr kafolat beriladi. Model texnologiya, xavfsizlik va qulaylikni birlashtirgan ixcham SUV sifatida taqdim etilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Tracker avtomobilining maxsus versiyasi chiqqani haqida yozgan edi.