Gadjetlar

iPhone 18 Pro Max Apple tarixidagi eng katta akkumulyatorga ega bo‘lishi mumkin

AQSh bozori uchun chiqariladigan eSIM-only versiyada esa akkumulyator yanada kattaroq bo‘lishi kutilmoqda
iPhone 18 Pro Max Apple tarixidagi eng katta akkumulyatorga ega bo‘lishi mumkin
Foto: Grok

iPhone 18 Pro Max modeli kompaniya tarixidagi eng katta sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lishi mumkin. Modelning akkumulyator sig‘imi hududga qarab farqlanadi.

Yevropa va global bozorlar uchun mo‘ljallangan, jismoniy nano-SIM slotiga ega versiyada akkumulyator sig‘imi 5235 mA/soatni tashkil etadi. Bu iPhone 17 Pro Max bilan solishtirganda taxminan 8,5 foizga ko‘p.

AQSh bozori uchun chiqariladigan eSIM-only versiyada esa akkumulyator yanada kattaroq bo‘lishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu modifikatsiya 5425 mA/soat sig‘imli batareyaga ega bo‘ladi. Bu avvalgi avloddagi 5088 mA/soatlik ko‘rsatkichdan qariyb 6,6 foizga yuqori.

Akkumulyator sig‘imidagi farq jismoniy SIM-karta sloti bilan izohlanmoqda. SIM-lotok smartfon korpusi ichida ma’lum joy egallaydi, eSIM-only versiyada esa ushbu bo‘shliqdan kattaroq batareya joylashtirish uchun foydalanish mumkin.

Avvalroq ta’minot zanjiriga oid insaydlarda iPhone 18 Pro Max ilk bor 5000 mA/soatlik chegaradan oshishi mumkinligi aytilgan edi. Yangi ma’lumotlar ham aynan shu taxminlarni tasdiqlamoqda.

Shu bilan birga, akkumulyator sig‘imi bo‘yicha Xitoy ishlab chiqaruvchilari Apple’dan ancha oldinda. Masalan, Honor kompaniyasi Xitoyda 11 000 mA/soat sig‘imli Honor X80 Pro Max smartfonini sotuvga chiqargan. Qurilma 90 vattli tezkor simli quvvatlash va 27 vattgacha teskari quvvatlash funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri buklanadigan iPhone Ultra’ga buyurtma olish boshlangani haqida yozgan edi.