Sport

Shveysariya Jazoirni mag‘lub etib, JCh pley-offida navbatdagi bosqichga chiqdi

Shveysariya Jazoirni mag‘lub etib, JCH pley-offida navbatdagi bosqichga chiqdi
Foto: Getth Images

Shveysariya terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionati pley-off bosqichida Jazoirni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Vankuverdagi BC Place stadionida o‘tgan uchrashuvda Murat Yakin shogirdlari har ikki bo‘limda bittadan gol urib, keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Hisob 10-daqiqada ochildi. Johan Manzambi Jazoir himoyasini yorib o‘tib, jarima maydoniga kirib bordi va to‘pni Breel Embologa uzatdi. Embolo esa yaqin masofadan darvozani ishg‘ol qilib, Shveysariyani oldinga olib chiqdi. Bu Manzambining turnirdagi navbatdagi samarali harakati bo‘ldi – u avvalroq uchta gol urgandi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilanoq Shveysariya ustunlikni oshirdi. 46-daqiqada Jazoir himoyasi to‘pni uzoqlashtira olmadi, vaziyatdan Dan Ndoye unumli foydalanib, jarima maydoni chizig‘i yaqinidan aniq zarba berdi. To‘p uzoq burchakka borib tushdi va hisob 2:0 ko‘rinishiga keldi.

Jazoir o‘yinga qaytishga urindi. Riyod Mahrez, Houssem Aouar va boshqa futbolchilar bir necha vaziyat yaratdi, biroq Shveysariya himoyasi va darvozabon Gregor Kobel ishonchli harakat qildi. Ayniqsa, 50-daqiqada Mahrezning zarbasi xavfli ko‘ringan bo‘lsa-da, shveysariyalik himoyachi to‘p yo‘liga to‘siq bo‘ldi. O‘yinning oxirlarida Jazoir hujumni kuchaytirishga urindi, ammo real xavf yaratishda qiynaldi.

Shveysariya esa hisobni yiriklashtirishi ham mumkin edi. 81-daqiqada Fabian Rieder qulay vaziyatga chiqdi, biroq to‘pga noqulay zarba berib, imkoniyatdan foydalana olmadi. Shunga qaramay, Shveysariya ikki to‘plik ustunlikni saqlab qoldi va o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi.

Ushbu natijadan so‘ng Shveysariya ketma-ket to‘rtinchi bor jahon chempionatining keyingi pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Jamoa navbatdagi o‘yinni Kolumbiya yoki Gana terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Jazoir esa ilk bor jahon chempionati pley-offida g‘alaba qozonish imkoniyatidan foydalana olmadi.

Avvalroq «Kursiv» Ronaldu va Portugaliya terma jamoasi nimchorak finalga yo‘l olgani haqida yozgan edi.