Sport

1 mln dollar: «Dinamo» klubi Jahongir O‘rozov narxini e’lon qildi

«Dinamo» klubi O‘rozov narxini e’lon qildi
Foto: Instagram

Samarqandning «Dinamo» klubi hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov bo‘yicha transfer takliflarini ko‘rib chiqishga tayyor. Klub rahbariyati futbolchining tovon pulini $1 mln etib belgilagan.

So‘nggi kunlarda 22 yoshli markaziy himoyachiga Yevropaning bir qator klublari qiziqish bildirayotgani aytilmoqda. Germaniyaning Kicker nashriga ko‘ra, Myunxengladbaxning «Borussiya» klubi O‘rozovni himoya chizig‘ini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Foto: Instagram

Futbolchining agenti Shahriyor Eshboyev avvalroq Qozonning «Rubin» klubidan tushgan taklif rad etilganini ma’lum qilgan edi. Bunga himoyachining faoliyatini Yevropada davom ettirish istagi sabab bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘rozovga Italiya, Germaniya, Turkiya va Niderlandiya klublaridan qiziqish mavjud.

Futbolchi haqida

Jahongir O‘rozov 2004-yil 18-yanvarda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. U «Bunyodkor» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2023-yilda Turkiyaning «Eyupspor» klubiga o‘tgan, biroq jamoa safida faqat Turkiya kubogida bitta uchrashuv o‘tkazgan. O‘zbekistonga qaytgach, himoyachi Samarqand «Dinamo»sining asosiy futbolchilaridan biriga aylandi va klub bilan shartnomasi 2027-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.

Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, O‘rozovning transfer qiymati 600 ming yevroni tashkil etadi.

O‘rozov O‘zbekiston terma jamoasi safida oltita uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urgan. U 2026-yilgi jahon chempionatida ham ikki o‘yinda qatnashdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abbosbek Fayzullayev oila qurgani haqida yozgan edi.