
O‘zbekistonda foydalanilgan avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.
Muhokamalar natijasida eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘lgan norma – 30 yil va undan eski avtomobillar uchun yillik ekologik kompensatsiya to‘lovini joriy etish taklifi loyihadan chiqarib tashlanmoqda.
Jarima va majburlash o‘rniga rag‘batlantirish
Agentlik ma’lum qilishicha, hukumat avtomobil parkini yangilashda majburiy to‘lovlar yoki jarimalar emas, balki iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmlariga tayanishni maqsad qilgan. Shu sababli eski avtomobillar egalari uchun har yili BHMning 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya undirish rejasi bekor qilinmoqda.
Eski avtomobillar qanday utilizatsiya qilinadi
Taklif etilayotgan tizimga ko‘ra, ochiq tanlov asosida mustaqil baholovchi va utilizatsiya korxonalari faoliyat yuritadi. Ular avtomobillarni bozor qiymatida baholab, harakatlana olmaydigan transport vositalarini egasi yashayotgan joyning o‘zida ko‘rikdan o‘tkazadi.
Avtomobil egasi transport vositasi qiymatiga teng miqdorda naqd pul yoki maxsus vaucher olishni tanlashi mumkin bo‘ladi. Vaucher yangi avtomobil xaridida boshlang‘ich to‘lov sifatida ishlatiladi, qolgan summa esa 2 yildan 7 yilgacha foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi rejalashtirilgan. Vaucherdan foydalanishni istamagan fuqarolarga esa mablag‘ bir oy ichida naqd shaklda beriladi.
Muammo qanchalik dolzarb
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda qariyb 5 million avtotransport vositasi mavjud. Ularning qariyb 100 ming tasi texnik nosoz holatda bo‘lib, shaharlardagi zararli chiqindilar tashlamasining 63 foizni keltirib chiqarmoqda. Bundan tashqari, bitta eski avtomobil utilizatsiya qilinganda tonnalab metall va plastik bilan birga 50 kilogrammgacha xavfli qattiq chiqindi hosil bo‘ladi.
Loyiha hali yakunlanmagan
Agentlikning ta’kidlashicha, qonun loyihasi hali yakuniy ko‘rinishga ega emas. Hujjat jamoatchilik va mutaxassislar ishtirokidagi muhokamalar davomida bildiriladigan taklif va mulohazalar asosida yana takomillashtiriladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda yuk avtomobillari importiga «rastamojka» bekor qilingani haqida yozgandi.