Abduqodir Husanov ilk nikoh kechasidan nega voz kechgan

9-iyul 2026 12:04 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Abduqodir Husanov ilk nikoh kechasida terma jamoa bilan BAAga uchib ketgan — futbolchi agenti
Foto: sports.ru

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Angliyaning «Manchester Siti» klubi himoyachisi Abduqodir Husanov to‘yidan bir necha soat o‘tib, terma jamoa bilan Birlashgan Arab Amirliklariga uchib ketgan. Bu haqda futbolchining agenti G‘ayrat Hasbiullin «Sport-Ekspress» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Agentning aytishicha, 22 yoshli futbolchi yosh bo‘lishiga qaramay, oilaparvar inson sifatida shakllangan. Uning fikricha, Husanovning erta turmush qurishi Angliyadagi hayotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

«U to‘g‘ri oilada ulg‘aygan va o‘zi ham oilaparvar bo‘lib voyaga yetgan. Erta uylangani yaxshi, chunki bu unga oilaviy iliqlikni his qilish va Angliyada yolg‘iz emasligini anglash imkonini beradi. Abduqodir tungi hayotga qiziqmaydi, ko‘p vaqtini uyda o‘tkazadi. Endi mashg‘ulotlardan keyin uni uyida kutadigan oilasi bor va bu ham qo‘shimcha motivatsiya beradi», — dedi Hasbiullin.

Foto: Instagram / Husanov

Futbolchining to‘yida mingga yaqin mehmon qatnashgan. Agent marosim keng ko‘lamda o‘tgan bo‘lsa-da, ortiqcha dabdabasiz va sokin ruhda tashkil etilganini ta’kidladi.

To‘y O‘zbekiston terma jamoasining BAAga qarshi tarixiy uchrashuvi arafasida bo‘lib o‘tgan. Mazkur bahsda milliy jamoa o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Terma jamoa futbolchilari yig‘indan to‘yga yarim soatga kelib, Husanovni tabriklagach, yana jamoa qarorgohiga qaytgan.

Terma jamoa ma’suliyati

Foto: Instagram / Husanov

Hasbiullinning so‘zlariga ko‘ra, Abduqodir Husanov to‘ydan keyin soat 04:00 da terma jamoa bilan birga parvoz qilgan. Futbolchiga BAAga bir kun keyinroq uchib borish imkoniyati berilgan bo‘lsa-da, u bundan voz kechgan.

«Aslida, u o‘zini ilk nikoh kechasidan mahrum qildi. Unga: «Ertasi kuni uchib borsang ham bo‘ladi», deyishdi. Lekin u: «Yo‘q, jamoa bilan birga uchaman», deb javob berdi. Abduqodir o‘zining boshqalardan farqli emasligini ko‘rsatishni istadi», — dedi futbolchining agenti.

Avvalroq «Kursiv» Murodjon Ahmadaliyev Abbosbek Fayzullayev to‘yidan rasm joylagani haqida yozgan edi.

Shuningdek