O‘zbekiston pochtasi 579 mln so‘m zarar ko‘rdi

«O‘zbekiston pochtasi» AJ guruhi 2025-yilda 578,5 mln so‘m sof zarar ko‘rdi. Bir yil avval zarar 24,9 mlrd so‘mni tashkil etgan edi. Bu Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotdan ma’lum bo‘ldi.
Hisobot Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari — MHXS asosida tayyorlangan. «Nazorat-Audit» auditorlik tashkiloti unga ijobiy xulosa bergan.
Biroq portalga joylangan hujjatda hisobotning 13–54-betlarida bo‘lishi kerak bo‘lgan izohlar va ilovalar mavjud emas. Shu sababli guruh tarkibi, qarzdorlik, kreditlar hamda ayrim moliyaviy o‘zgarishlarning sabablarini batafsil baholash imkoniyati cheklangan.
Guruh tushumi yil davomida 32,1 foizga oshib, 795,4 mlrd so‘mga yetdi. Yalpi foyda 46,5 foizga ko‘payib, 152,7 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Asosiy faoliyat natijasi ham sezilarli yaxshilandi. Kompaniya 2024-yildagi 18,1 mlrd so‘mlik operatsion zarar o‘rniga 2025-yilda 19,7 mlrd so‘m foyda qayd etdi.
Asosiy ko‘rsatkichlar
| Ko‘rsatkich | 2024-yil | 2025-yil |
|---|---|---|
| Tushum | 602 mlrd so‘m | 795,4 mlrd so‘m |
| Asosiy faoliyat natijasi | −18,1 mlrd so‘m | +19,7 mlrd so‘m |
| Sof natija | −24,9 mlrd so‘m | −578,5 mln so‘m |
| Aktivlar | 402,4 mlrd so‘m | 568,2 mlrd so‘m |
| Kapital | 66,6 mlrd so‘m | 143,3 mlrd so‘m |
Manba: MHXS
Shu bilan birga, moliyaviy xarajatlar qariyb ikki baravar oshib, 16,4 mlrd so‘mga yetdi. Valyuta kursi farqidan sof zarar esa 4 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Natijada guruhning soliqdan oldingi foydasi 2 mlrd so‘m bo‘lganiga qaramay, 2,6 mlrd so‘mlik soliq xarajati yakuniy natijani zararga aylantirdi.
Aktivlar 41,2 foizga oshib, 568,2 mlrd so‘mga, majburiyatlar esa 26,6 foizga ko‘payib, 424,9 mlrd so‘mga yetdi. Kapital 2,1 baravar oshib, 143,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Kapitaldagi o‘sish asosan yangi aksiyalar chiqarilishi va aksiyador badallari hisobiga ta’minlangan.
Milliy buxgalteriya standartlari bo‘yicha
Milliy buxgalteriya standartlari bo‘yicha alohida hisobotda kompaniya 1 mlrd so‘m sof foyda ko‘rsatgan. Unda tushum 797,7 mlrd so‘m, aktivlar 585,3 mlrd so‘m va kapital 226,2 mlrd so‘m deb qayd etilgan.
Qoplanmagan zarar 11,28 mlrd so‘mdan 10,27 mlrd so‘mgacha kamaydi. Bu yaxshilanish 2025-yilda olingan sof foyda miqdoriga deyarli teng.
Bu esa kompaniya tomonidan olingan foyda to‘liq taqsimlanmaganini, avvalgi yillarda to‘planib qolgan zararlarning bir qismini qoplashga yo‘naltirilganini anglatadi.
MHXS bo‘yicha guruh yilni zarar bilan yakunlagan, Milliy buxgalteriya standartlari bo‘yicha alohida hisobotda esa kompaniya 1 mlrd so‘m sof foyda ko‘rsatgan. Ushbu tafovut konsolidatsiya jarayoni va MHXS bo‘yicha kiritilgan tuzatishlar bilan bog‘liq.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzPost infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun investor izlayotgani haqida yozgan edi.