Pep Gvardiola Abduqodir Husanov bilan qanday xayrlashgan

10-iyul 2026 19:47 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Pep Gvardiola Abduqodir Husanov bilan qanday xayrlashgan / Foto: Sport Express

«Manchester Siti»ni tark etayotgan Pep Gvardiola klub bazasidagi so‘nggi lahzalarda o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov bilan uchrashib, u bilan xayrlashgan. Bu haqda futbolchining agenti G‘ayrat Hasbiullin ma’lum qildi.

Agentning aytishicha, Gvardiola yosh futbolchiga katta individual e’tibor bergan, uning rivojlanishi uchun muntazam ishlagan va ko‘plab muhim jihatlarni o‘rgatgan. Murabbiy Husanovga iliq munosabatda bo‘lgan va unga alohida ishonch bildirgan.

Husanov zaxirada qolgan paytlarda ham Gvardiola uni jamoadoshlariga o‘rnak qilib ko‘rsatgan. Murabbiy futbolchilarga Husanovning mashg‘ulotlardagi mehnatsevarligi va sabr-toqatini misol qilib keltirgan. Keyinchalik u asosiy tarkibda maydonga tusha boshlaganida esa Gvardiola uning imkoniyatni tinimsiz mehnat va o‘z ustida ishlash orqali qo‘lga kiritganini ta’kidlagan.

«Pep Gvardiola Abduqodir Husanovni mashg‘ulotlardagi mehnatsevarligi va sabr-toqati uchun doimo jamoadoshlariga o‘rnak qilib ko‘rsatardi. Murabbiy «Manchester Siti»dagi so‘nggi kunida aynan Husanov bilan xayrlashgan so‘nggi futbolchi bo‘ldi. Husanov esa Gvardiolaning jamoadan ketayotganidan qattiq xafa bo‘lgan», – deydi agent.

Ular murabbiy bilan yana kamida bir mavsum birga ishlashni kutgan edi. Suhbat davomida «Manchester Siti»dagi sog‘lom muhit ham alohida tilga olinib, futbolchilar va klub xodimlari o‘rtasidagi samimiy munosabatlar jamoaning o‘ziga xos jihatlaridan biri ekani qayd etilgan.

Foto: Sport Express

Hasbiullinga ko‘ra, Gvardiolaning klubdagi so‘nggi kunida barcha yutuqlar namoyish etilgan maydonda u klubning barcha xodimlari bilan navbatma-navbat suratga tushgan. Murabbiy ikki soatga yaqin vaqt davomida hech kimni e’tiborsiz qoldirmay, har bir inson bilan muloqot qilgan.

Suhbatda yana bir qiziqarli voqea ham eslab o‘tildi. Gvardiola klub bazasini tark etishidan oldingi tun Husanov mashinasida qolib ketgan haydovchilik guvohnomasini olish uchun bazaga qaytgan. Shu paytda murabbiy ham ketishga hozirlik ko‘rayotgan bo‘lgan va ular tasodifan uchrashib, qisqa suhbatdan so‘ng birga bazadan chiqib ketishgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abduqodir Husanov faoliyatini Rossiyada davom ettirishi mumkinligi haqida yozgan edik.

Shuningdek