Abduqodir Husanov yana «Siti» diqqat markazida

13-iyul 2026 10:40 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Abduqodir Husanov yana «Siti» diqqat markazida
Foto: Husanov / Instagram

«Manchester Siti» klubi 2026-yilgi Osiyo safari oldidan jamoa tarixida to‘p surgan osiyolik futbolchilar haqida material e’lon qildi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov ham bor.

Klub Husanovni tezligi, jismoniy kuchi va himoyadagi aqlli harakatlari bilan muxlislar mehrini qozongan futbolchi sifatida ta’rifladi. «Siti» matbuot xizmati 2025-yil yanvarida jamoaga qo‘shilgan o‘zbekistonlik himoyachi mavsum o‘rtasida kelganiga qaramay, qisqa vaqt ichida asosiy tarkib uchun muhim variantga aylanganini qayd etdi.

Materialda Husanov «Manchester Siti» safida hozirga qadar to‘qqizta uchrashuvda maydonga tushgani aytilgan. Klub uning to‘plagan tajribasiga tayangan holda kelgusi mavsumda yanada katta rol o‘ynashi kutilayotganini ta’kidladi.

Foto: mancity.com

«U yozgi turnir davom etar ekan, Pep Gvardiola jamoasining muhim qismiga aylanishi shubhasiz», — deyiladi klub materialida.

«Manchester Siti» yangi mavsumga tayyorgarlik doirasida Osiyoda uchta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Jamoa 1-avgust kuni Hongkongda Italiyaning «Inter» klubiga qarshi maydonga tushadi. 5-avgustda Seulda K League yulduzlari jamoasi bilan, 9-avgustda esa «Atletiko Madrid»ga qarshi o‘ynaydi.

Foto: mancity.com

Yana kimlar bor

Klub Osiyo futbolchilari haqidagi sharhda Husanovdan tashqari xitoylik Sun Jihai, isroillik Eyal Berkovich va Tal Ben Haim, qatarlik Yasser Hussein hamda ayollar jamoasida to‘p surgan yaponiyalik va koreyalik futbolchilarni ham esga oldi. Shunga qaramay, amaldagi tarkib vakili sifatida asosiy urg‘u aynan Abduqodir Husanovning kelajakdagi o‘rniga qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abbosbek Fayzullayev Abduqodir Husanovga osh yedirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek