
Redmi yangi Redmi Note 17 smartfonini rasman taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Qurilma katta 7 dyuymli OLED displey, 8000 mA/soat sig‘imli batareya, Snapdragon 4 Gen 4 protsessori hamda 2 TB gacha microSD xotira kartalarini qo‘llab-quvvatlashi bilan ajralib turadi.
Katta ekran va uzoq ishlash vaqti

Redmi Note 17 2396×1080 piksel aniqlikdagi 7 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan. Ekran 120 Gs yangilanish chastotasi va 1800 nit maksimal yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, unda barmoq izi skaneri, nam qo‘l bilan ishlash imkonini beruvchi Wet Touch 2.0 hamda qo‘lqop rejimi mavjud.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 8000 mA/soat sig‘imli batareya smartfonga odatiy foydalanishda 2-3 kungacha quvvatlantirmasdan ishlash imkonini beradi.
Snapdragon 4 Gen 4 va 2 TB gacha xotira

Smartfon 4 nanometrli Snapdragon 4 Gen 4 protsessorida ishlaydi. U 8 GB gacha LPDDR4X tezkor xotira va 256 GB gacha UFS 2.2 doimiy xotira bilan taklif etiladi. Qurilma 2 TB gacha microSD xotira kartalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi.
50 MP kamera va HyperOS 3
Asosiy kamera 50 megapiksel, old kamera esa 8 megapiksel sensor bilan jihozlangan. Smartfon HyperOS 3 operatsion tizimida ishlaydi. Tizim sun’iy intellekt asosidagi firibgar qo‘ng‘iroqlarni aniqlash va videoqo‘ng‘iroqlarda yuzni soxtalashtirishni aniqlash kabi xavfsizlik funksiyalarini ham o‘z ichiga oladi.

NFC va IP65 himoyasi
Qurilma 45 Vt quvvatli tezkor simli quvvatlashni hamda 22,5 Vt teskari quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, unda NFC, infraqizil port va IP65 darajasidagi chang hamda suv sachrashidan himoya mavjud.
Narxi
Redmi Note 17 uchta xotira variantida sotuvga chiqdi:
- 6/128 GB — 1299 yuan (taxminan $180);
- 8/128 GB — 1399 yuan (taxminan $195);
- 8/256 GB — 1599 yuan (taxminan $223).
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Redmi Turbo 6 qanday batareya bilan chiqishi haqida yozgandi.