Avto

Jazirama «yondirmoqda»: haydovchilar uchun muhim tavsiyalar

Jazirama «yondirmoqda»: haydovchilar uchun tavsiyalar
Rasm SI yordamida yaratilgan

O‘zbekistonda yozning eng issiq davri – chilla kunlarida havo harorati 47 daraja va undan yuqoriga ko‘tarilishi mumkin. Quyosh ostida qolgan avtomobil salonida esa harorat 70–80 darajagacha yetadi. «Avtostrada» nashri haydovchilar uchun tavsiyalar va qo‘llanmani chop etdi.

1. Avtomobilni to‘g‘ri soviting

Quyosh ostida uzoq vaqt turgan avtomobilga o‘tiriboq konditsionerni eng yuqori quvvatda yoqish tavsiya etilmaydi. Avvalo eshik va oynalarni ochib, salonda to‘plangan issiq havoni chiqarish kerak.

Foto: Pexels

Imkon bo‘lsa, bir necha daqiqa oynalarni ochiq qoldirgan holda harakatlanib, salonga tashqi havo kirishini ta’minlash lozim. Shundan keyingina oynalarni yopib, konditsionerni bosqichma-bosqich ishga tushirish mumkin.

Haroratning keskin o‘zgarishi old oynada mayda darz yoki shikast mavjud bo‘lsa, uning kattalashishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, qizib turgan tanaga muzdek havoning to‘g‘ridan to‘g‘ri urilishi shamollash xavfini oshiradi.

2. Salon filtrini almashtiring va konditsionerni tekshiring

O‘zbekistonning changli iqlimida salon filtri tez ifloslanadi. Odatda u 5 – 7 ming kilometr masofadan keyin havo o‘tkazish qobiliyatini sezilarli darajada yo‘qotishi mumkin.

Ifloslangan filtr konditsioner samaradorligini pasaytiradi, salonga havo oqimini cheklaydi va tizimga ortiqcha yuk tushiradi. Filtr almashtirilganidan keyin ham konditsioner yetarli darajada sovitmasa, tizimdagi freon bosimini tekshirtirish lozim.

3. Bolalar va hayvonlarni avtomobilda qoldirmang

Foto: Pexels

Jazirama paytida bolalar yoki uy hayvonlarini yopiq avtomobilda, hatto bir necha daqiqaga ham yolg‘iz qoldirish mumkin emas. Salon juda tez qiziydi, oynalarning biroz ochiq qoldirilishi esa haroratning xavfli darajaga ko‘tarilishini to‘xtata olmaydi.

Bola organizmi yuqori haroratga kattalarnikiga qaraganda tezroq ta’sirchan bo‘ladi. Qisqa vaqt ichida suvsizlanish, issiq urishi va hushdan ketish holatlari yuz berishi mumkin. Xuddi shunday xavf avtomobilda qoldirilgan hayvonlarga ham tegishli.

4. Yetarli miqdorda suv iching

Issiq havo haydovchining nafaqat jismoniy, balki ruhiy holatiga ham ta’sir qiladi. Suvsizlanish natijasida diqqat susayadi, holsizlik paydo bo‘ladi va yo‘ldagi vaziyatga javob qaytarish tezligi pasayadi.

Safar vaqtida avtomobilda oddiy ichimlik suvi bo‘lishi kerak. Shirin gazlangan ichimliklar chanqoqni vaqtincha bosishi mumkin, ammo ular suvning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi.

5. Tormoz tizimiga e’tibor bering

Foto: Pexels

Issiqda yo‘l qoplamasi va shinalar qizib ketadi. Yumshagan asfalt hamda qizigan rezina avtomobilning yo‘l bilan tishlashish xususiyatiga ta’sir qilib, tormoz masofasini uzaytirishi mumkin.

Yuqori harorat tormoz suyuqligining ishlash xususiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli oldinda harakatlanayotgan avtomobil bilan masofani odatdagidan kattaroq saqlash va keskin tormozlanishlardan qochish kerak.

6. Benzin bakini to‘ldirib yubormang

Kuchli issiq paytida benzin bakini og‘zigacha to‘ldirish tavsiya etilmaydi. Yonilg‘i qiziganida kengayadi va ortiqcha benzin shamollatish klapanlari orqali tashqariga chiqishi mumkin.

Kuzovga to‘kilgan benzin bo‘yoq qatlamiga zarar yetkazishi va dog‘ qoldirishi ehtimoli bor. Shuning uchun bakda yonilg‘ining kengayishi uchun biroz bo‘sh joy qoldirish maqsadga muvofiq.

7. Sifatli yonilg‘idan foydalaning

Foto: Pexels

Past oktanli yoki sifatsiz benzin jaziramada dvigatelning notekis ishlashi va detonatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa motor quvvatiga, shuningdek, konditsioner kompressorining samaradorligiga ta’sir qiladi.

Issiq mavsumda dvigatelga tushadigan yuk ortgani uchun moy, shamlar va boshqa sarflanadigan qismlarning holatini ham nazorat qilish zarur.

8. Avtomobilni tez-tez yuving

Kuzovda uzoq vaqt qolgan chang, kir, bitum va qush axlati quyosh ta’sirida bo‘yoqning notekis xiralashishiga olib kelishi mumkin. Hasharot qoldiqlarining parchalanishi natijasida hosil bo‘ladigan moddalar ham lok-bo‘yoq qoplamasiga zarar yetkazadi.

Salon ichidagi chang va kir esa yoqimsiz hid, qoplama yuzasida dog‘ va yoriqlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Tozalashda avtomobillar uchun mo‘ljallangan maxsus vositalardan foydalanish, kuchli maishiy kimyoviy moddalarni qo‘llamaslik kerak.

Foto: Pexels

9. Radiator va antifrizni tekshiring

Yuqori haroratda sovitish tizimiga tushadigan yuk keskin ortadi. Antifriz sathi pasayishi yoki tizimdagi nosozlik dvigatelning qizib ketishiga olib kelishi mumkin.

Sovituvchi suyuqlik sathini tekis joyda va dvigatel to‘liq soviganidan keyin tekshirish lozim. Zarurat bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi tavsiyasiga muvofiq suyuqlik qo‘shiladi.

Radiator yuzasini chang, kir va hasharotlardan tozalash, elektr ventilyatorining ishlashini tekshirish ham muhim. Sovitish tizimining sozligi konditsioner samaradorligiga ham bevosita ta’sir qiladi.

10. Quyoshdan himoya qiluvchi ekranlardan foydalaning

Old oynaga o‘rnatiladigan nur qaytaruvchi ekran salonni to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoya qiladi va panel, rul hamda o‘rindiqlarning haddan tashqari qizishini kamaytiradi.

Yaxshiroq samara uchun old va orqa oynalarga alohida ekran o‘rnatish mumkin. Avtomobil yopqichidan foydalanilganda esa shamol uchirib ketmasligi uchun uni mahkamlash kerak.

Ekran yoki yopqich bo‘lmasa, avtomobilni bir necha soatdan keyin quyosh qaysi tomonda bo‘lishini hisobga olgan holda to‘xtatish tavsiya etiladi.

11. Zajigalka, aerozol va elektronikani salonda qoldirmang

Foto: Pexels

Quyosh ostida qolgan avtomobilda zajigalka, dezodorant, aerozol ballonlari va bosim ostidagi boshqa idishlar portlashi mumkin. Bu salonga zarar yetkazishi yoki yong‘in keltirib chiqarishi ehtimolini oshiradi.

Videoregistrator, antiradar, telefon ushlagichi va boshqa qo‘shimcha elektron qurilmalar ham yuqori harorat ta’sirida erishi yoki ishdan chiqishi mumkin. Uzoq vaqtga to‘xtaganda ularni avtomobildan olib chiqish ma’qul.

12. Gaz uskunasining sozligini nazorat qiling

Gaz ballonli avtomobilda yuqori harorat ta’sirida gaz hajmi va tizimdagi bosim ortadi. Soz multiklapan xavfli bosim paydo bo‘lishining oldini olishi kerak, biroq baribir ballonning texnik holatini muntazam tekshirtirish zarur.

Jazirama kunlarda gaz ballonini me’yoridan ortiq to‘ldirmaslik va to‘la ballonli avtomobilni uzoq vaqt quyosh ostida qoldirmaslik tavsiya etiladi.

13. Shinalardagi bosimni tekshiring

Foto: Pexels

Havo qiziganida shina ichidagi bosim ham oshadi. Rezina eskirgan, unda mayda yoriqlar yoki sifatsiz yamalgan joylar bo‘lsa, yuqori bosim havo sizib chiqishi yoki shinaning shikastlanishiga olib kelishi mumkin.

Noto‘g‘ri bosim avtomobil boshqaruvchanligi va tormozlanish xususiyatiga ta’sir qiladi. Ayniqsa, yuqori tezlikda me’yordan ortiq bosim shinaning yorilishi xavfini oshiradi. Bosimni shinalar sovuq holatda, ishlab chiqaruvchi ko‘rsatgan me’yor bo‘yicha tekshirish kerak.

14. Oziq-ovqat va ichimliklarni salonda qoldirmang

Jaziramada oziq-ovqat mahsulotlari, hatto konserva va vakuumli qadoqdagi mahsulotlar ham tez buzilishi mumkin. Saqich erib, o‘rindiq qoplamasi, hujjatlar yoki salon qismlariga yopishib qolishi ehtimoli bor.

Gazlangan ichimlik idishi qizib, bosim oshishi natijasida yorilishi mumkin. Bunday holat salonni jiddiy ifloslantiradi. Plastik idishdagi suvni ham uzoq vaqt qizigan avtomobilda saqlamaslik maqsadga muvofiq.

15. Safardan keyin dvigatelni darhol o‘chirmang

Bu tavsiya, ayniqsa, turbinali dvigatelli avtomobillar uchun muhim. Uzoq yoki tezkor safardan keyin turbina yuqori haroratda bo‘ladi. Dvigatelni darhol o‘chirish uning sovish jarayoniga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Safar tugagach, motorni bir necha daqiqa salt holatda ishlatib turish tavsiya etiladi. Konditsionerni ham dvigatelni o‘chirishdan biroz oldin o‘chirib, tizimga tushadigan yukni kamaytirish mumkin.

16. Sifatli tonirovkadan foydalaning

Foto: Unsplash

Atermal tonirovka infraqizil nurlarning bir qismini qaytarib, salonning qizishini kamaytiradi. To‘q rangli plyonka esa avtomobil ichiga tushadigan yorug‘lik miqdorini cheklaydi.

Biroq tonirovka qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lishi va tegishli ruxsat asosida o‘rnatilishi kerak. Sifatsiz plyonka ko‘rish darajasini yomonlashtirishi va tungi vaqtda haydash xavfsizligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Cobalt avtomobili haqida yozgan edi.