Sport

JCh – 2026 finalini kimlar boshqarishi ma’lum bo‘ldi

JCh-2026 finalini kim boshqarishi ma’lum bo‘ldi
Foto: Instagram

FIFA Argentina va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi JCh – 2026 finalini boshqaradigan hakamlar brigadasini e’lon qildi. Hal qiluvchi uchrashuvning bosh hakami etib sloveniyalik Slavko Vinchich tayinlandi.

Final 19-iyul kuni Nyu-York – Nyu-Jersi stadionida o‘tkaziladi. Vinchichga qanotlarda hamyurtlari Tomaj Klanchik va Andraj Kovachich yordam beradi.

Iordaniyalik Adham Mahadmeh to‘rtinchi hakam, uning vatandoshi Muhammad Al-Kalaf esa zaxira yordamchi hakam vazifasini bajaradi. VAR tizimiga germaniyalik Bastian Dankert mas’ul bo‘ladi. Unga kolumbiyalik Nikolas Gallo va qatarlik Xamis Al-Marri ko‘maklashadi.

46 yoshli Vinchich Jahon chempionati finalini boshqaradigan tarixdagi birinchi sloveniyalik va bunday mas’uliyat yuklatilgan 23-hakamga aylanadi. FIFA Hakamlar qo‘mitasi raisi Pyerluiji Kollina tayinlovda hakamning turnir davomida ko‘rsatgan natijalari asosiy omil bo‘lganini ta’kidladi.

Vinchich haqida

Foto: Instagram

Sloveniyalik hakam JCh – 2026 davomida Braziliya — Marokash, Iordaniya — Jazoir guruh uchrashuvlari hamda Meksika — Ekvador o‘rtasidagi 1/16 final bahsini boshqardi. Bu uning faoliyatidagi ikkinchi Jahon chempionati bo‘lib, u Qatar – 2022 turnirida ham ikkita o‘yinda ishlagan.

Vinchich yirik xalqaro uchrashuvlarni boshqarish borasida katta tajribaga ega. U 2022-yilgi Yevropa ligasi finali, 2024-yilgi Chempionlar ligasi finali hamda Ispaniya va Fransiya o‘rtasidagi Yevro – 2024 yarim finalida hakamlik qilgan.

U Argentina ishtirokidagi eng esda qolarli uchrashuvlardan birini Qatar – 2022 da boshqargan. O‘shanda Lionel Messi gol urganiga qaramay, Argentina Saudiya Arabistoniga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Ispaniya esa Vinchich boshqargan beshta uchrashuvning birortasida yutqazmagan.

Avvalroq «Kursiv» Argentina so‘nggi soniyalarda Angliyani mag‘lub etib, JCh finaliga chiqqani haqida yozgan edi.