Kilian Mbappe ikki bor «Oltin butsa» olgan ilk futbolchi bo‘ldi

20-iyul 2026 08:18 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Kilian Mbappe ikki bor «Oltin butsa» olgan ilk futbolchi bo‘ldi
Foto: Getty Images

Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe 2026-yilgi jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. U turnirdagi sakkizta uchrashuvda o‘nta gol urib, faoliyatida ikkinchi bor «Oltin butsa» mukofotini qo‘lga kiritdi.

27 yoshli hujumchi bundan avval Qatarda o‘tkazilgan 2022-yilgi mundialda sakkizta gol bilan eng yaxshi to‘purar bo‘lgan edi. Mbappe ketma-ket ikkita jahon chempionatida «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritgan ilk futbolchi sifatida ham tarixga kirdi.

U 2026-yilgi turnirning guruh bosqichida Senegal va Iroq darvozalariga ikkitadan, Shvetsiyaga esa bitta gol urdi. Keyinchalik Paragvayga qarshi nimchorak finalda penaltidan hal qiluvchi golni kiritdi va Marokash bilan chorak finalda ham o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi.

Mbappe to‘purarlar poygasida Lionel Messidan uchinchi o‘rin uchun o‘tkazilgan uchrashuvda o‘zib ketdi. U Angliyaga qarshi bahsda ikki marta darvozani ishg‘ol qildi, biroq Fransiya 4:6 hisobida mag‘lub bo‘lib, jahon chempionatini to‘rtinchi o‘rinda yakunladi. Angliya safida Bukayo Saka xet-trik qayd etdi.

Fransiyalik futbolchi mukofotdan xursandligini bildirgan bo‘lsa-da, shaxsiy natijadan ko‘ra finalda qatnashishni afzal ko‘rishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, o‘nta gol kelajakda futbolchilik merosi uchun muhim bo‘lishi mumkin, ammo ayni paytda jamoaviy muvaffaqiyatning qo‘ldan boy berilgani ko‘proq ahamiyatga ega.

Foto: Getty Images

Yana qanday natijalari bor

Mbappe 1970-yilda G‘arbiy Germaniya safida o‘nta gol urgan Gerd Myullerdan keyin bitta mundialda ikki xonali natijaga erishgan birinchi futbolchi bo‘ldi. Jahon chempionatlarining bir turniridagi rekord Fransiya vakili Jyust Fontenga tegishli: u 1958-yilda 13 ta gol urgan. Vengriyalik Shandor Kochish esa 1954-yilgi mundialni 11 ta gol bilan yakunlagan.

Mbappe jahon chempionatlaridagi umumiy gollari sonini 22 taga yetkazib, musobaqa tarixining eng yaxshi to‘purariga ham aylandi. U 2018-yilgi mundialda to‘rtta, 2022-yilda sakkizta va 2026-yilda o‘nta gol urdi. Fransiyalik futbolchi bu ko‘rsatkich bo‘yicha 21 ta golga ega Lionel Messini ortda qoldirdi.

Avvalroq «Kursiv» Abbosbek Fayzullayev yana maydonga qaytgani haqida yozgan edi.

Shuningdek