Sport

Vengriya bosh vaziri grossmeysterni prezidentlikka taklif qildi

Judit Polgar siyosiy lavozimda ishlamagan
Vengriya bosh vaziri grossmeysterni prezidentlikka taklif qildi
Foto: Diplomátszerzek

Vengriya bosh vaziri Peter Magyar dunyoga mashhur shaxmatchi Judit Polgarni mamlakat prezidentligiga taklif qildi. U Polgar yangi konstitutsiya qabul qilingunga qadar ushbu lavozimni egallashga rozi bo‘ladimi yoki yo‘qmi, buni shaxsan so‘rashini ma’lum qildi.

Peter Magyar Facebook’dagi postida Vengriyaga birlik, tinchlik va barcha fuqarolar faxrlana oladigan prezident kerakligini yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlik kasb yoki oddiy ish emas, balki mamlakatga xizmat qilishning eng yuqori shakli.

Judit Polgar siyosiy lavozimda ishlamagan

Judit Polgar shaxmat tarixidagi eng muvaffaqiyatli ayol shaxmatchi hisoblanadi. U shaxmatda 2700 Elo reyting chegarasidan o‘tgan yagona ayol bo‘lgan.

Polgar 26 yil davomida ayollar o‘rtasidagi jahon reytingida yetakchilik qilgan, umumiy jahon reytingida esa sakkizinchi o‘ringacha ko‘tarilgan. U ilgari siyosiy lavozim egallamagan.

Polgar nomzodini jamoat arboblari ham qo‘lladi

Yakshanba kuni ilm-fan, madaniyat va sport sohasining 16 nafar taniqli vakili parlament spikeri Agnes Forsthofferga maktub yo‘llab, Judit Polgarni prezidentlikka nomzod sifatida taklif qildi.

Shu bilan birga, yuristlar guruhi prezidentlikka Peter Barandini nomzod sifatida ilgari surishini ma’lum qilgan.

Amaldagi prezident vakolati yakunlanadi

Vengriya prezidenti Tamash Shuyok Asosiy qonunga 17-o‘zgartirishni imzolashini e’lon qilgan.

Uning vakolati qonun rasman e’lon qilinganidan keyingi kuni tugaydi. Shu sababli bir oy davomida prezident vazifasini Milliy majlis spikeri Agnes Forsthoffer bajaradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban parlament saylovlarida mag‘lubiyatini tan olgandi. Partiya yetakchisi Peter Madyar Orban uni telefon orqali tabriklaganini ma’lum qildi. U bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.