
Great Wall Motors Xitoyda yangi Tank 300 yo‘ltanlamasini sotuvga chiqardi. Bu haqda mahalliy ITHome texnologiyalar nashri xabar bermoqda.
Model benzin, dizel hamda ikkita gibrid kuch qurilmasiga ega besh xil versiyada taklif qilinadi. Avtomobilning narxi 199,8 ming yuandan boshlanib, eng kuchli Hi4-Z modifikatsiyasida 259,8 ming yuanga yetadi. Bu taxminan $27,8 mingdan $36,2 minggacha bo‘lgan narx oralig‘iga teng.
Model tashqi ko‘rinishidagi burchakli kuzov, dumaloq faralar va klassik yo‘ltanlamas uslubini saqlab qolgan. Radiator panjarasiga qora rangdagi yirik TANK yozuvi o‘rnatildi, burilish chiroqlari esa faralar tarkibiga birlashtirildi. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, avtomobilda 553 ta o‘zgartirish va takomillashtirish amalga oshirilgan, uning tarkibiy qismlarining yarmidan ko‘pi yangilangan.
Benzinli va dizelli standart Tank 300’ning uzunligi 4 750 mm, kengligi 1 930 mm, balandligi 1 903 mm, g‘ildirak bazasi esa 2 750 mmni tashkil qiladi. Gibrid Tank 300L sezilarli darajada uzaytirilib, uning o‘lchamlari 4 886 × 1 984 × 1 927 mmga yetkazilgan. G‘ildirak bazasi oldingi modelga nisbatan 260 mmga oshib, 3 010 mmni tashkil etdi.

Tank 300L’ning yo‘lsizlik imkoniyatlari ham saqlab qolingan. Uning yer oralig‘i 235 mm, suvdan kechib o‘tish chuqurligi 800 mmni tashkil etadi. Kirish burchagi 38, chiqish burchagi 33, kuzovning markaziy o‘tish burchagi esa 19 darajaga teng. Kuzovda chig‘ir, qo‘shimcha yoritkichlar va tom yukxonasi kabi jihozlarni o‘rnatish uchun 40 ta maxsus ulanish nuqtasi mavjud.
Qo‘shimcha imkoniyatlar
Boshlang‘ich benzinli versiyaga 2 litrli turbomotor o‘rnatilgan. Dvigatel 217 ot kuchi va 380 Nm aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi. Dizelli modifikatsiya esa 2,4 litrli motor bilan jihozlanib, 184 ot kuchi va 480 Nm momentga ega. Har ikki dvigatel to‘qqiz pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan birga ishlaydi.
Tank 300L Hi4-T gibrid versiyasi 2 litrli turbomotor, 130 kVt yoki 174 ot kuchiga teng old elektromotor va 37,1 kVt·soatli batareyani birlashtiradi. Avtomobil faqat elektr energiyasi hisobiga WLTC siklida 105 km, benzin va elektr quvvatidan birgalikda foydalanilganda esa 913 km yo‘l bosadi. Ushbu versiya 100 km/soat tezlikka 6,1 soniyada chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Tank 300 avtomobili namoyish etilgani haqida yozgan edi.