Tesla Cybercab’ga yangi avlod Starlink interneti o‘rnatildi

21-iyul 2026 10:54 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Tesla Cybercab’ning texnik xususiyatlari ma’lum bo‘ldi
Foto: Tesla

Tesla va Starlink kompaniyalari yangi avlod Starlink V5 sun’iy yo‘ldosh internet terminali haydovchisiz Cybercab robotaksisiga to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiya qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.

E’lon qilingan sxemaga ko‘ra, antenna avtomobil tomiga kameralar va boshqa sensorlar yoniga joylashtirilgan.

Internet uzilsa ham avtomobil harakatda davom etadi

Cybercab’dagi Full Self-Driving (FSD) tizimi AI4 hisoblash platformasida ishlaydi. Tesla’ning ta’kidlashicha, avtomobil internet aloqasi uzilib qolgan taqdirda ham yo‘l holatini tahlil qilish, marshrutni belgilash va harakatni mustaqil boshqarishda davom etadi.

Starlink qanday vazifalarni bajaradi

Sun’iy yo‘ldosh interneti dasturiy ta’minotni yangilash, real vaqt navigatsiyasi, dispetcherlik tizimi bilan aloqa, masofaviy diagnostika hamda yo‘lovchilarga onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi. Shuningdek, u mobil aloqa sifati past hududlarda ham barqaror internet aloqasini saqlashga yordam beradi.

Yangi terminal ixchamroq va tejamkorroq

Yaqinda SpaceX yangi avlod Starlink V5 terminalini rasman taqdim etdi. Qurilma avvalgi modelga nisbatan ancha ixcham va yengil bo‘lib, kamroq elektr energiyasi sarflashi bilan ham ajralib turadi.

Hozirda Tesla robotaksi xizmati AQShning Ostin, Hyuston, Dallas va Mayami shaharlarining cheklangan hududlarida sinov tariqasida ishlamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirg‘izistonda Starlink interneti rasman ishga tushgani haqida yozgandi.

Shuningdek