Voyah Passion S avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqadi

21-iyul 2026 11:11 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Voyah Passion S avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqadi
Foto: Voyah

Dongfeng tarkibidagi Voyah brendi yangi Voyah Passion S avtomobili uchun dastlabki buyurtmalar 24-iyuldan qabul qilinishini ma’lum qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Voyah Passion S past va cho‘zinchoq fastbek kuzoviga ega. Avtomobil aerodinamikasini yaxshilash uchun kuzovga o‘nta havo kanali, 18 ta ventilyatsiya teshigi va ikkita faol radiator panjarasi o‘rnatilgan. Model 21 dyuymli g‘ildiraklar, yuqori samarali tormoz supportlari hamda uglerod tolali orqa spoyler bilan jihozlanadi.

Elektromobilning uzunligi 5 050 millimetr, kengligi 1 998 millimetr va balandligi 1 656 millimetrni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3 000 millimetrga teng. Ushbu o‘lchamlar Passion S’ni keng salonli, yirik oilaviy krossoverlar qatoriga olib kiradi.

Ichki qismi

Foto: Voyah

Salon uch xil rangda taklif etiladi. Old panelda uch spitsali rul hamda markaziy multimedia ekrani va old yo‘lovchi displeyini birlashtiruvchi yaxlit ekran majmuasi joylashtirilgan.

Avtomobilda superkar dvigateli tovushini taqlid qiluvchi maxsus Voyah Engine funksiyasi ham mavjud. Ruldagi uzatish dastaklari bir vaqtda bosilganda sun’iy dvigatel ovozi yoqiladi, asboblar paneli va proyeksion AR-HUD displeyi esa «Superkar rejimi»ga o‘tadi.

Qo‘shimcha imkoniyatlari

Foto: Voyah

Passion S’ning haydovchiga ko‘maklashish majmuasi Huawei Qiankun ADS 5 tizimi asosida ishlaydi. Avtomobil atrofidagi vaziyatni kuzatish uchun jami 32 ta sensor o‘rnatilgan. Ular orasida to‘rtta LiDAR, beshta millimetrli diapazondagi radar, 11 ta yuqori aniqlikdagi kamera va 12 ta to‘xtash radari mavjud.

Yon va orqa qismlarda joylashgan uchta dToF LiDAR sensori avtomobil kuzovidan atigi 15 santimetr masofadagi obyektlarni ham aniqlay oladi. Bu tor joylarda harakatlanish, avtomobilni to‘xtash joyiga qo‘yish va orqadan yaqinlashayotgan xavflar haqida haydovchini oldindan ogohlantirishga yordam beradi.

Orqa uzatmali Voyah Passion S 300 kilovatt yoki 402 ot kuchiga ega bitta elektromotor bilan jihozlanadi. To‘liq uzatmali versiyaga qo‘shimcha 175 kilovattli old motor o‘rnatiladi. Ikki motorning umumiy quvvati 475 kilovatt yoki 637 ot kuchini tashkil etadi.

Avvalroq «Kursiv» UzAuto Motors Onix, Tracker va Damas uchun to‘lov shartlarini o‘zgartirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek